O'zbekistonda "Tartibga solish qumdoni" maxsus huquqiy rejimini joriy etish tartibi belgiladi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 23 noyabrda "Tartibga solish qumdoni" maxsus huquqiy rejimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. Hujjat bilan "Tartibga solish qumdoni" maxsus huquqiy rejimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlanmoqda.

Yangi mahsulot, xizmat va ishlarni maxsus huquqiy rejim doirasida realizatsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qilinganda, ular uchun litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar maxsus huquqiy rejimni qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvda ko‘rsatilgan muddatda talab etilmaydi.

Rejim quyidagi talablar asosida joriy etiladi:

- loyihaning yangiligi, zamonaviy texnologiyalarga asoslanganligi hamda amaldagi mahsulot, xizmat va ishlarga nisbatan takomillashtirilganligi;
- loyihani amalga oshirishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatning mavjud emasligi yoki qonunchilik hujjatlarida loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq taqiqlar mavjudligi;
- maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilishda texnik imkoniyatlarning mavjudligi;
- maxsus huquqiy rejimni joriy etish shaxsning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga, shuningdek, davlat mudofaasi va xavfsizligiga zarar yetkazish xavfi baholaganligi va bunday xavf-xatarlarni yuzaga keltirmasligi yoki ularni kamaytirish choralari ko‘rilganligi.

So‘rovnomani ko‘rib chiqish muddati – 30 kun, ushbu muddat ichida vakolatli organ joyiga chiqqan holda o‘rganish o‘tkazadi. O‘rganish davomida loyihaning tadqimoti bo‘lib o‘tadi, uning doirasida videoyozuv amalga oshirilishi mumkin. Ijobiy qaror qabul qilinganda tadbirkorlik sub’yekti bilan shartnoma tuziladi.

Maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilish muddati uzog‘i bilan 3 yil etib belgilanadi. Realizatsiya nazorat qilinadigan cheklangan muhitda amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun: «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejim  yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni yoki boshqa intellektual faoliyat natijalarini nazorat qilinadigan cheklangan muhitda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini maxsus tartibga solishni nazarda tutadi.

Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24-noyabrdan kuchga kirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты