2030 yilgacha berilgan malaka toifalari ularning amal qilish muddati tugagunga qadar amal qiladi hamda ustamalar va lavozimga oid huquqlar tegishli muddat davomida saqlanadi
2030 yildan tibbiyot va farmasevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi faqat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan shaxslarga 5 yil muddatga beriladi. Bu haqda 10-sentyabr kuni prezidentning “Tibbiyot va farmasevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini joriy qilish to‘g‘risida”gi farmonida so'z boradi.
Farmonga ko'ra, tibbiyot va farmasevtika xodimlarining davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan kasbiy faoliyat yuritishi taqiqlanadi. Tibbiyot va farmasevtika xodimlariga malaka toifasi berish amaliyoti bekor qilinadi.
2030 yilgacha berilgan malaka toifalari ularning amal qilish muddati tugagunga qadar amal qiladi hamda ustamalar va lavozimga oid huquqlar tegishli muddat davomida saqlanadi.
Maxsus imtihon asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan amaldagi tibbiyot va farmasevtika xodimlari imtihondan o‘ta olmagan taqdirda, 1 yil davomida imtihondan qayta o‘tish sharti bilan vaqtincha davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi hamda shu davr mobaynida ish faoliyatini davom ettiradi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng o‘z mutaxassisligi bo‘yicha 3 yil yoki undan ortiq uzluksiz ishlamagan tibbiyot va farmasevtika xodimlarining kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga ixtisoslashuv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagandan hamda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng ruxsat beriladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotgan mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yil ish staji va ilmiy darajaga ega tibbiyot va farmasevtika xodimlari maxsus imtihonsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91823 | Инструменты