Ularning 3 nafari ozodlikdan mahrum etish joylarida jazo muddatini o‘tayotgan onalari tomonidan O‘zbekiston vakillariga topshirilgan bolalardir
Kecha 15-sentabr kuni Rossiya Federatsiyasidan voyaga yetmaganlarni Vatanga qaytarish bo‘yicha xizmat safarining uchinchi guruhi O‘zbekistonga yetib keldi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonalari ko‘magida navbatdagi guruh tarkibida ota-ona qaramog‘isiz qolgan 7 nafar voyaga yetmagan bola qaytarildi. Ularning 3 nafari ozodlikdan mahrum etish joylarida jazo muddatini o‘tayotgan onalari tomonidan O‘zbekiston vakillariga topshirilgan bolalardir.
Mazkur guruhning qaytishi bilan Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirilgan xizmat safari yakunlandi. Xizmat safari davomida jami 30 nafar voyaga yetmagan bola Rossiya Federatsiyasidan, shuningdek, amalga oshirilgan tegishli ishlar natijasida 2 nafar bola Qozog‘iston Respublikasidan O‘zbekistonga qaytarildi.
Shu tariqa, amalga oshirilgan tadbirlar doirasida jami 32 nafar voyaga yetmagan bolaning Vatanga qaytarilishi ta’minlandi.
Vatanga qaytarilgan bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning oilaviy muhitga qaytarilishi, zarur hollarda muqobil joylashtirish shakllariga joylashtirilishi, shuningdek, ularga zarur ijtimoiy, tibbiy, psixologik va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha tegishli choralar amalga oshirilmoqda.
Bolalarning keyingi holati va oilaga moslashuvi ularning yashash manzili bo‘yicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy hamrohlik asosida kuzatib boriladi.
Ayni paytda xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmaganlarni Vatanga qaytarish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, Gruziyada qolgan 1 nafar bolani olib kelish maqsadida xizmat safari amalga oshirilishi kutilmoqda. Shuningdek, Turkiya Respublikasi bilan voyaga yetmaganlarni qaytarish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91817 | Инструменты