Huawei 1
O'zbekistonda uch yilda 2 mingdan ortiq fuqaro ota-onalik huquqidan mahrum qilindi

O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda 2 mingdan ortiq insonlar ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Bu haqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova "Lolazor" podkastida aytib o‘tdi.

Ombudsmanning so‘zlariga ko‘ra, ota-onalikdan mahrum qilinish holatining eng ko‘pi ularning jinoyatlar sodir etishi yoki bolaga nisbatan ota-onalik majburiyatini bajara olmaganlik, shuningdek, kasalliklar bilan bog‘liq.

Mahrum qilinish holatlarning mutlaq katta qismi — 86 foiziga ota-onalik majburiyatlarini bajarmaganlik, 14 foizi esa bolalarini tashlab ketganlik, ularga jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazganlik, ichkilikbozlik va giyohvandlik moddalariga berilishi yoki bolasi yoki eri (xotini) hayoti-sog‘ligiga qasddan jinoyat sodir etish sabab bo‘lgan.

Bolalar ombudsmani ota-onalik huquqidan mahrum bo‘lgan ota-onalar farzandlarining keyingi taqdiri haqida so‘zlab, ularning asosiy homiysi davlat bo‘lishi haqida tushuntirish berdi.

«Ota-onalikdan mahrum qilindi degani, bolaning to‘liq ijtimoiy majburiyatlari davlat zimmasiga o‘tadi deganidir. Davlat uning asosiy homiy, vasiysi hisoblanadi. Vasiylik va homiylik organlari bolaning qonuniy vakili sifatida o‘rtaga chiqadi. Bu organlar ham hozirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan. Ular tumanlarda oilalarga eng yaqin vasiylik funksiyasini bajaradigan ijtimoiy yordam ko‘rsatadigan asosiy bo‘g‘inlardir», — dedi u.

Keltirilishicha, yetim va ota-ona g‘amxo‘rligidan mahrum bo‘lgan bolalarning toifasiga kiruvchi bolalar barcha ijtimoiy huquqlar bilan ta’minlanadi. Shu jumladan ularning yoshi yetgandan so‘ng uy-joy bilan ta’minlanishini nazorat qilish va ko‘maklashish bolalar ombudsmani vazifasiga kiradi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100120 | Инструменты