O'zbekiston elchisi Abdusalom Xatamov "Asrlar osha O'mon tarixi" muzeyi rahbari al-Yaqzan bin Abdulloh al-Harisiy bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Suhbat davomida O'zbekiston-O'mon o'rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, tarixiy va diniy-ma'rifiy merosni o'rganish sohasida tajriba almashish hamda ushbu jabhalarda qo'shma loyihalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakatimiz diplomatik missiyasi rahbari yuritimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati va uni barpo etish g'oyasi haqida so'zlab berdi.
Muloqot yakunida, "Asrlar osha O'mon tarixi muzeyi" hamda O'zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi o'rtasida hamkorlik aloqalarini o'rnatishga kelishib olindi.
"Asrlar osha O'mon tarixi" muzeyi O'monning so'nggi yillardagi eng yirik madaniy loyihalaridan biri hisoblanadi. Mazkur ma'rifiy maskan O'monning marhum sultoni Qobus bin Sayid tashabbusi bilan barpo etilgan. Muzey O'monning qadim zamonlardan to bugungi kungacha bo'lgan boy tarixi, madaniyati va davlatchilik evolyutsiyasini keng targ'ib qilishga bag'ishlangan. Majmua zamonaviy multimedia texnologiyalari, keng ko'lamli ekspozitsiyalar va ta'lim maskanlarini qamrab oladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62122 | Инструменты