O‘zbekiston “Allianz Pension Ranking 2023” pensiya reytingidagi 75 ta mamlakatlar qatorida 71-o‘rinni egallagan (Qozig‘iston 34-o‘rinda, Rossiya – 37, Turkiya – 59-o‘rinda). Mazkur reyting uchta sub-indekslarga asoslangan, bular: bazaviy sharoitlar, barqarorlik va pensiya tizimining monandligi. Ular 1 dan 7 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholanadi (bunda 1 – eng yuqori baho). O‘zbekistonning umumiy bahosi 4,5 ni tashkil etgan. (bazaviy sharoitlar bo‘yicha 4,4; barqarorlik bo‘yicha 3,6 va monandlik bo‘yicha 5,3). Strategik islohotlar agentligi mazkur holat sabablari va pensiya tizimi yaxshilash imkoniyatlarini o‘rgandi.
O‘zbekistonda pensiya badallari darajasi (12-25%) boshqa mamlakatlarga nisbatan yuqori hisoblanadi. Biroq to‘lovlarning yalpi koeffitsiyenti (55%) o‘rtacha. Ushbu ko‘rsatkich ishchining o‘rtacha ish haqiga nisbatan olingan o‘rtacha pensiyani ko‘rsatadi. Bu nomuvofiqlik fuqaro pensiya badallaridan ko‘p mablag‘ olmayotgani va pensiyalar juda past ekanligini anglatadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda norasmiy bandlik yuqori bo‘lgani sababli pensiya ta’minoti tizimining qamrovi past bo‘lib – 38%ni tashkil etadi. Pensiya mexanizmlari sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan rasmiy moliyaviy xizmatlar ommabopligi ham past.
O‘zbekiston pensiya tizimi majburiy badallar bo‘yicha belgilangan to‘lov tizimidan iborat bo‘lib, borgan sari davlat byudjetidan ko‘proq moliyalashtirilmoqda.
So‘nggi 10-yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 baravarga oshgan bo‘lsa, xarajatlari 5 baravarga oshgan. 2020-yildan pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan doimiy ravishda transfert ajratilmoqda.
2022-yilda transfert miqdori 11 trln so‘m (jami xarajatning 24,7%) tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 15 trl so‘m (29%) ko‘zda tutilgan. 2030-yilda transfert miqdori 38 trln so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda.
Nota bene: to‘lovlar o‘rnatilgan tizim – bu fuqaroning belgilangan pensiya olishi kafolatlangan pensiya tizimi hisoblanadi. Pensiya miqdori badallar miqdoriga, pensiya yoshiga va ish stajiga qarab o‘zgarishi mumkin, ammo uni belgilashning qat’iy qoidalari mavjud. Biroq, olingan pensiya miqdori odatda badallarga bog‘liq emas, chunki badallar odatda umumiy pensiya jamg‘armasiga birlashtiriladi.
Aksariyat mamlakatlarda mazkur komponent kasbiy pensiya dasturlari yoki shaxsiy jamg‘arish dasturlari bilan to‘ldiriladi. O‘zbekistonda kasbiy pensiya rejalari mavjud emas. Mavjud bo‘lgan yagona individual jamg‘arish dasturi majburiy bo‘lib, badallar stavkasi past bo‘lgani (oylik ish haqining 0,1%) va cheklovchi qoidalari ko‘p bo‘lgani bois katta ahamiyat kasb etmaydi.
Ushbu mablag‘larga har yili inflyatsiya miqdorida foiz daromadlari (2021-yilda 10%, 2022-yilda 12,4%, 2023-yilda 8,8%) hisoblansa-da, fuqarolar o‘z jamg‘armalarini ixtiyoriy ravishda boshqa moliyaviy instrumentlarga yoki bank omonatlariga yo‘naltirish huquqiga ega emas.
Daniya va Niderlandiya yuqoridagi va boshqa reytinglarda eng yuqori o‘rinlarni egallaydi. Ularning pensiya tizimlari kuchli professional komponentga asoslangan. Masalan, Niderlandiyada davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan bazaviy belgilangan stavkali davlat pensiyasi mavjud. U sanoat shartnomalari bilan bog‘langan majburiy pensiya rejasi bilan birlashtirilgan. Ushbu pensiya rejasi daromad bilan bog‘liq va belgilangan imtiyozlarga ega, ammo kapital moliyalashtirishga asoslangan. Ish joyini o‘zgartirganda pensiya huquqlari to‘liq o‘tkaziladi. Pensiya tizimiga umumiy badal stavkasi 18% ni tashkil qiladi. Qamrov koeffitsiyenti 100%ni, yalpi koeffitsiyent to‘lovlari – kasbiy komponent hisobga olinmaganda va Niderlandiya aholining keksayishiga qaramasdan davlat komponenti uchun 69%ni tashkil etadi. Pensiya yoshi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining o‘zgarishiga qarab belgilab boriladi.
Mazkur tizimning tarixiy ildizlari uni O‘zbekistonda bevosita qo‘llashni qiyinlashtiradi. Biroq, belgilangan davlat pensiya tizimlari Germaniya va Shveysariyadagi kabi kasbiy va shaxsiy jamg‘arma sxemalari bilan birlashtirish imkomiyati mavjud. Bunday holda, kasbiy komponent ish beruvchi tomonidan taqdim etilgan belgilangan badallar bo‘yicha pensiya rejasi yoki sanoat shartnomalaridan iborat bo‘ladi.
Nota bene: byelgilangan badalga ega pensiya tizimi – bu shunday pensiya tizimiki, unda fuqaro har oy qancha badal to‘lashini bilsada, pensiya sifatida qancha olishini bilmaydi. Pensiya miqdori shaxsiy hisoblarni boshqaradigan pensiya jamg‘armasining bozor ko‘rsatkichlariga bog‘liq.
Bundan tashqari, ixtiyoriy ravishda xususiy banklar va sug‘urta kompaniyalarining pensiya rejalariga badallar kiritish mumkin. Germaniyada pensiya tizimi uchun umumiy badal stavkasi 18,6% ni, qamrov darajasi esa 82% ni tashkil qiladi. “Allianz” reytingida Germaniya pensiya tizimining monandlik balli 2,8 ni tashkil qiladi.
Jahon banki ko‘p pog‘onali pensiya tizimi uchun quyidagi yondashuvni tavsiya qiladi:
Birinchi variantdan boshqa barcha pensiyalar o‘z-o‘zidan moliyalashtirilishi kerak, ya’ni individual ishtirokchilar va ish beruvchilarning badallari hisobidan to‘lanishi kerak.
O‘zbekiston pensiya tizimini takomillashtirish uchun quyidagilar taklif etiladi:
Xalq bankidagi amaldagi majburiy pensiya jamg‘arma hisobvaraqlari tizimi ixtiyoriy, moslashuvchan va boshqa banklar uchun ochiq shaklga o‘tkazilishini taʼmiinlash.
Agentlik tomonidan pensiya tizimini takomillashtirish maqsadida Prezident farmoni loyihasini ishlab chiqish tavsiya etiladi. Bunda: pensiya tizimini keng ko‘lamli isloh qilish, shu jumladan pensiya tayinlash shartlarini qayta ko‘rib chiqish, pensiya yoshini umr davomiyligiga moslab qayta ko‘rib chiqish, ish staji yoki pensiya olish uchun badallarni qayta ko‘rib chiqish, pensiya tizimining moliyaviy barqarorligini taʼminlash va aholi qamrovini oshirish kabi jihatlar inobatga olinishi maqsadga muvofiq hisoblanadi
Alpha version: 0.9.1.19 build 12607 | Инструменты