Jizzaxda 10 yoshli bolani zo'rlab kelganlikda gumonlangan 53 yoshli erkak o‘z joniga qasd qildi

Jizzax shahrida 10 yoshli o‘g‘il bolaga nisbatan ikki oy davomida jinsiy zo‘ravonlik qilib kelganlikda gumonlangan erkakning murdasi topildi. Bu haqda “Milliy” telekanalining “Millar” dasturida xabar berildi.

Ma'lum qilinishicha, 53 yoshli erkak turmush o‘rtog‘ining 10 yoshli yaqin qarindoshini ikki oy davomida muntazam jinsiy zo‘rlab kelgan. U bolaga bu haqda kimgadir aytsa, o‘ldirish bilan tahdid qilgan.

Bundan tashqari, gumonlanuvchi avvalroq Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan sudlangan bo‘lgan.

Holat yuzasidan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shundan so‘ng ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan shahar prokuraturasiga chaqirtirilgan gumonlanuvchi bino oldiga kelib, javobgarlikdan qo‘rqqani sababli xodimlardan yashirinishga uringan. 3-oktabr kuni unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 4-oktabr kuni gumonlanuvchi o‘ziga tegishli bo‘lgan, qurilishi tugallanmagan binoda o‘z joniga qasd qilgan holda topilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lum qilishicha, 5-oktabr kuni jabrlangan bolaga Jizzax shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan keys ochilib, u birlamchi baholashdan o‘tkazilgan va psixologik yordam ko‘rsatish tashkil etilgan.

Hozirda bola xavfsiz joyda bo‘lib, uning ruhiy holatini barqarorlashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Shunningdek, holat yuzasidan tayinlangan ekspertiza xulosalari kutilmoqda, surishtiruv va tergov harakatlari davom etmoqda.

Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan jabrlanuvchining manfaatlari, sha’ni, qadr-qimmati nuqtai nazaridan mazkur jinoyat ishiga oid tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi. Ombudsmani bolaning protsessual huquqlari ta’minlanishi yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettirayotganini ma'lum qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100718 | Инструменты