TIV matbuot kotibining ma’lum qilishicha, ushbu xabarlar e’lon qilingan zahoti O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tegishli diplomatik choralar ko‘rila boshlangan
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Latviyaning O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha cheklash taklifiga munosabat bildirdi. Vazirlik matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning “Uzreport.news”ga ma'lum qilishicha, O‘zbekistonning Riga shahridagi elchixonasi so‘nggi kunlarda Latviya rasmiylari bilan bir qator muzokaralar o‘tkazgan.
Latviya ichki ishlar vaziri Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni ma’lum muddatga to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgan edi. U ayrim O‘zbekiston fuqarolari Latviyaga kelganidan ko‘p o‘tmay, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar sodir etganini bildirgan. Jumladan, jinsiy tegajog'liklar bilan bog'liq.
TIV matbuot kotibining ma’lum qilishicha, ushbu xabarlar e’lon qilingan zahoti O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tegishli diplomatik choralar ko‘rila boshlangan.
Latviyadagi elchixona tomonidan mamlakat bosh vaziri ofisi rahbariyati, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklari, shuningdek, Prezident administratsiyasi vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilgan. Shu bilan birga, TIV Konsullik-huquqiy departamenti Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan ham muloqotlar olib borgan.
“Muzokaralar davomida Latviya tomoniga taklif etilayotgan choralarning ikki tomonlama munosabatlarga ehtimoliy ta’siri yuzasidan O‘zbekistonning pozitsiyasi yetkazildi. Ko‘rilgan choralar natijasida Latviya tomoni mavjud holatga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj yo‘qligini ilgari surdi.”, dedi Omonulla Fayziyev.
TIV vakili O‘zbekiston Latviyani Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlardan biri sifatida baholashini, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va migratsiya sohalaridagi aloqalar rivojlanib borayotganini qayd etdi.
Vazirlik, shu bilan birga, xorijda bo‘lib turgan yoki xorijga chiqishni rejalashtirayotgan fuqarolarni mamlakat qonunchiligiga qat’iy rioya qilishga, milliy urf-odatlari va an’analarini hurmat qilishga va o‘z xatti-harakatlariga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi.
Ayrim shaxslarning qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yishi nafaqat ularning o‘zlariga, balki xorijda qonuniy asosda o‘qib, ishlab, sayohat yoki istiqomat qilib yurgan boshqa fuqarolarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi eslatildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100617 | Инструменты