Toshkent shahrida YTH sodir qilib, piyodaning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi. Haydovchi oldinroq o‘g‘irlik jinoyatini ham sodir qilib, sudlangani maʼlum bo‘ldi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1996 yilda tug‘ilgan Murodilla Zabixullayev tanishining nomidagi Lacetti mashinasini ishonchnoma orqali boshqarib kelgan.
U 2024 yil 18 sentyabr kuni tezlik cheklangani haqidagi yo‘l belgilariga amal qilmasdan mashinani Shayhontoxur tumani Samarqand darvoza ko‘chasi bo‘ylab 112,7 km/soat tezlikda boshqargan. So‘ngra boshqaruvni yo‘qotib, Samarqand darvoza va Abu Ali ibn Sino ko‘chalari kesishmasida o‘ziga yo‘l ochiq bo‘lgan paytda piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan, 2005 yilda tug‘ilgan qizni katta tezlikda urib yuborgan. Oqibatda piyoda og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida halok bo‘lgan.
Sud hukmi bilan Murodilla Zabixullayev Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Murodilla Zabixullayev oldin sodir qilgan o‘g‘irlik jinoyati bo‘yicha tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini qo‘shish orqali 6 yil 24 kun muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
U muqaddam, 2023 yil avgust oyida Toshkent viloyati Toshkent tumanida fuqarolarning ot va mollarini o‘g‘irlagani uchun 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llangan holda mazkur jazo shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilangan bo‘lgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11719 | Инструменты