Huawei 1
Piyoz narxi nega qimmatlashdi? Qishloq xo‘jaligi vazirligi izoh berdi

Avvalroq O‘zbekistonda yangi hosil piyozi narxlari rekord darajaga yetgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi izoh berdi.  

Qayd etilishicha, 2024-yilda may-iyun oylarida piyozning narxi 500-1000 so‘mga tushib ketganligi sababli joriy yilda Jizzaxda 5 ming gektar, Navoiyda 6,7 ming gektar, Namanganda 8,4 ming gektar, Samarqandda 14 ming gektar, Surxondaryoda 2,6 ming gektar, Sirdaryoda 2,8 ming gektar, Toshkentda 2,6 ming gektar, Xorazmda 7,6 ming gektar kam piyoz ekilgan.

Shunga qaramasdan, respublikamizda joriy yil jami 1 412 ming tonna piyoz yetishtirilishi kutilmoqda. Bu o‘tgan 2024 yilga nisbatan 12 ming tonnaga ko‘pdir.

Taqqoslash uchun: 2024 yil 1 aprelda yangi piyoz narxi 5-6 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 7 aprelda piyoz narxi 3-3,5 ming so‘mgacha tushgan. Joriy yil 1 aprelda yangi piyoz 7-8 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kun holatiga narx 4-5 ming so‘mgacha arzonlashgan.

Shuningdek, 2024 yil hosildan zaxiraga olingan 121 ming tonna piyozning 75 ming tonnasi shu kungacha ichki iste’mol bozoriga savdoga chiqarilgan, qolgan 46 ming tonna piyoz bugungi kunda 2-3 ming so‘mdan sotilmoqda.

Pishish davriga qarab joriy yilning 15 aprelidan piyoz narxi 2-2,5 ming so‘mgacha arzonlashishi kutilmoqda. Bundan tashqari, aprel oyining 2-3-dekadalari 70 ming tonna, may oyida esa 90 ming tonnadan ortiq piyoz pishib yetilishi kutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi yurtdoshlarimizga har bir mavsumda qishloq xo‘jaligi ekinlarining ilk yetilgan pallasida narxlar oshishi kuzatilishi, bu vaqtincha holat bo‘lib, tez orada o‘zgarish tendensiyasiga egaligini eslatib o‘tadi.

Ba’zi hududlarda dehqonlar odatdagidan ortiq mablag‘ talab etuvchi innovatsion agrotexnik tadbirlarni qo‘llash orqali o‘z mahsulotini odatdagidan 10-15 kun avval yetishtirib bozorga chiqarishi hech kimga sir emas.

Tabiiyki bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabning o‘ziga xosligini keltirib chiqarish bilan birga bozor tamoyillariga muvofiq narx belgilanishiga omil bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41819 | Инструменты