Huawei 1
Pokistonning Karachi shahrida O'zbekiston Savdo uyi va Madaniy markazi ochildi

O'zbekiston elchixonasi va "Diners Group" kompaniyasi hamkorligida Karachi shahrida "UzbekPak International Trading Centre" O'zbekiston-Pokiston xalqaro savdo uyi hamda "UzbekPak Cultural Centre" madaniy markazining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda Dunyo AA.

Tadbir avvalida O'zbekiston va Pokiston davlat madhiyalari yangradi. Undan so'ng ramziy tasma kesildi, esdalik peshtaxtasi ochildi.

Madaniy markaz hududida O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev "Do'stlik ramzi" daraxtini o'tqazdi.

Marosimda Karachi shahrining yirik tadbirkorlari, eksport-import korxona rahbarlari, biznes doira va turistik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so'zga chiqqan "Diners Group" kompaniyasi rahbari Sohail Moten mazkur savdo uyi va madaniy markaz ikki mamlakat o'rtasidagi mintaqaviy bog'liqlikni qayta tiklash, o'zaro savdo hajmlarini yanada oshirish, investorlar uchun zarur ma'lumotlarni taqdim qilishini ta'kidladi.

"Karachi va Toshkent shaharlarida ochilayotgan savdo uylari ikki mamlakat sanoat mahsulotlari to'g'risida xabardorlikni oshirib, doimiy faoliyat yurituvchi ko'rgazma pavilyoni shaklidagi savdo platformasi sifatida faoliyat ko'rsatadi. Pokiston va O'zbekistonning eksport va importi nomenklaturasida o'zaro ulushni sezilarli oshirishga xizmat qiladi degan umiddamiz", - dedi Sohail Moten.

O'zbekiston elchisi o'z nutqida ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, savdo-iqtisodiy aloqalardagi joriy sur'atni saqlab qolish va uni yanada yaxshilash, madaniy rishtalarni jonlantirish borasida mamlakatimiz rahbariyati va hukumati tomonidan ko'rilayotgan choralar to'g'risida ma'lumot berdi.

"Savdo uyi xalqlarimiz va milliy iqtisodiyotlarimizni yanada yaqinlashtiradi. Savdo munosabatlarimiz nomenklaturasini yangi birliklar bilan boyitish, tovar aylanmasini 1 milliard AQSH dollariga yetkazish borasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni samarali ijro etishimizga zamin yaratadi", - dedi Alisher To'xtayev.

Tadbirda ishtirok etgan "TechSol" kompaniyasi rahbari Shahzad Arshad ham o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

Uning qayd etishicha, savdo uyi va madaniy markaz Pokiston va O'zbekiston, Janubiy va Markaziy Osiyo o'rtasidagi mintaqaviy bog'liqlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo'nalishda istiqbolli loyihalar va zamonaviy yechimlarni ishlab chiqish, ikki millat o'rtasida uzilib qolgan rishtalarni qayta tiklash uchun mustahkam poydevor bo'ladi.

Savdo uyida O'zbekiston sanoat mahsulotlari – to'qimachilik sohasi namunalari, ip-kalava, jun va teri, plastik granulalar, quruq mevalar joylashtirilgan. Hozirda mahsulotlar soni va turini ko'paytirish borasida ishlar olib borilmoqda.

Binoga o'rnatilgan katta ekranda O'zbekistonning turizm salohiyatiga, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent shaharlarining sayyohlik maskanlari, mamlakatimizning sanoat va investitsion imkoniyatlariga bag'ishlangan videoroliklar namoyish etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10800 | Инструменты