AQShda H5N1 parranda grippidan ilk o‘lim qayd etildi. Bu haqda Luiziana shtati Sog‘liqni saqlash departamentiga tayanib, CNN xabar berdi.
Vafot etgan shaxs 65 yoshda bo‘lgan, uning yondosh kasalliklari ham bor edi.
“Bemor hovlida uy parrandalari va yovvoyi qushlar bilan aloqada bo‘lganidan so‘ng gripp bilan kasalxonaga yotqizilgan”, deyiladi xabarda.
Luizianalik erkak parranda grippining D1.1 shtammi bilan kasallangan. Bu shtamm sut beruvchi hayvonlar orasida aylanayotgan variantdan farqlanadi.
“O‘zingizni va oilangizni H5N1 dan himoya qilishning eng yaxshi usuli — virus manbalaridan saqlanish, ya’ni parranda grippi bilan kasallangan yoki kasallanishi mumkin bo‘lgan yovvoyi qushlar hamda boshqa hayvonlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontaktdan qochishdir”, deydi Luiziana sog‘liqni saqlash departamenti.
Parranda grippi AQShda ilk bor 2022-yil yanvarda Janubiy Karolina shtatidagi yovvoyi qushlarda aniqlangan, o‘sha yilning iyulida esa virus Kaliforniyada qayd etilgan. 2024-yil martida Texas va Kanzas shtatlarida sigirlar orasida infeksiya holatlari haqida xabar berilgan. Shundan so‘ng, AQShning 10 shtatida 66 nafar odamda kasallanish holati tasdiqlangan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2003-yildan buyon butun dunyoda 900 ga yaqin odamda parranda grippi bilan kasallanish holati qayd etilgan va ularning qariyb yarmi vafot etgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10818 | Инструменты