Huawei 1
Avstriya rahbari o‘ng populistlar yetakchisiga vazirlar mahkamasini tuzishni topshirdi

Avstriya prezidenti Aleksandr Van der Bellen o‘ng populistik Avstriya Ozodlik partiyasi (AOP) rahbari Herbert Kiklga hukumat tuzish vazifasini topshirdi. Avstriya rahbari siyosatchi bilan 6 yanvar, dushanba kuni Venadagi Xofburg saroyida uchrashdi.

«Janob Kikl hukumat muzokaralari davomida hayotiy yechimlar topa olishiga ishonchi komil va bu mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmoqchi», — deya Van der Bellen so‘zlarini keltiradi Reuters agentligi.

AOP raisi Avstriya rahbarini konservativ Avstriya xalq partiyasi (AXP) bilan muhokamalar borishi haqida xabardor qilib turishga va’da berdi.

«Bu qadam men uchun oson bo‘lmadi», deb tan oldi Avstriya yashillarining sobiq yetakchisi Van der Bellen. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u «konstitutsiya tamoyillari va qoidalari hurmat qilinishi va amalga oshirilishini» ta’minlashda davom etadi.

Avstriya tarixida birinchi marta o‘ng populistlar yetakchisi kansler bo‘lishi mumkin

Van der Bellen 4 yanvar kuni iste’foga chiqishini e’lon qilgan Avstriya kansleri va konservativ AXP raisi Karl Nexammerning bayonotidan so‘ng uchrashuv to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Agar Nexammer ketganidan keyin AXP o‘ng populistlar bilan muzokaralar olib borishga rozi bo‘lsa, gap faqat konservatorlar yangi vazirlar mahkamasida Avstriya Ozodlik partiyasining kichik hamkorlari bo‘lishi mumkinligi haqida boradi. Bu haqda dpa agentligi ma’lum qildi. Bunday holda, kansler lavozimini mamlakat tarixida birinchi marta o‘ng populistlar rahbari egallaydi.

Kikl, xususan, Rossiyaga do‘stona pozitsiyasi va keng ko‘lamli deportatsiyalarni nazarda tutuvchi o‘ta qattiq migratsiya siyosati bilan tanilgan, deya eslatadi dpa.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10817 | Инструменты