Huawei 1
Poyezd chiptalari, marketpleys va kommunal to‘lovlarda naqd puldan to‘liq voz kechish taklif etilmoqda

Onlayn to‘lovlar sohasining yetakchi o‘yinchilari bir qator sohalarda naqd pulsiz hisob-kitoblarni oshirishni taklif qilishdi. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Elektron to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini tayyorlash doirasida agentlik mutaxassislari Click asoschisi va bosh direktori Ulug‘bek Rustamov, OSON yuridik direktori Dilshod Keldiyarov hamda Paynet bosh direktori Anvar Isamuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda elektron to‘lovlarning boshqa hisob-kitob shakllariga nisbatan raqobatbardoshligiga ta’sir qiluvchi omillar ko‘rib chiqildi. Tomonlar elektron to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘lishi lozim bo‘lgan sohalar ro‘yxatini kengaytirish kerakligini qayd etdilar.

Xususan, to‘lov tashkilotlari vakillari avtoturargoh va bozorlarda patent to‘lovlarini yig‘ishda haligacha naqd puldagi to‘lovlar ustunligini ta’kidlab, bu sohalarni elektron to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘lgan yo‘nalishlar ro‘yxatiga kiritishni taklif qildilar.

Shuningdek, kommunal xizmatlar, temiryo‘l chiptalari hamda marketpleyslardagi xaridlar bo‘yicha to‘lovlarni 100% naqdsiz hisob-kitob tizimiga o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. Ishtirokchilarning qayd etishicha, bu to‘lov jarayonlarini soddalashtirib, naqd pulning yashirin aylanmasini kamaytirishga xizmat qiladi.

Strategik islohotlar agentligi biznes, IT-sohasi vakillari va ekspertlar bilan muloqotni davom ettiradi. Barcha taklif va tashabbuslar tahlil qilinib, elektron to‘lovlar ulushini oshirish, qulay to‘lov infratuzilmasini yaratishga qaratilgan prezident qarori loyihasini tayyorlashda inobatga olinishi qayd etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52411 | Инструменты