Prezident davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qarorni imzoladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq:
– Respublika komissiyasi (A.Aripov):
- Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda Mustaqillik bayramining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda keng nishonlanishini ta’minlasin;
- barcha hududlarda aholining keng qatlamlari o‘rtasida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, dolzarb mavzular bo‘yicha fikr almashuvlar, madaniy tadbirlarni samarali o‘tkazish maqsadida taniqli ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, madaniyat va san’at arboblaridan iborat targ‘ibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishini yo‘lga qo‘ysin;
- belgilangan chora-tadbirlar qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini o‘z yig‘ilishlarida muntazam ravishda eshitib borsin.
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.
– Joylarda Mustaqillik bayramini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:
- so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning hayoti, qalbi va ongida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ta’sirchan usullarda ifoda etish;
- mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiya vakillari o‘rtasida ahillik va totuvlik muhitini yanada kuchaytirish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyatini chuqur tahlillar, aniq hayotiy misollar yordamida keng jamoatchilikka yetkazish;
- bugungi tinch va erkin hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga, inson qadrini ulug‘lashga da’vat etadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;
- aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash, yoshlar, xotin-kizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan dasturlarimizning ijobiy natijalarini ko‘rsatish;
- bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi faxriylari, keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish.
– Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov):
- Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (M.Hojimatov) va Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin;
- ushbu konsert tomoshasini tajribali ijodkorlar hamda yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda, yuksak g‘oyaviy-badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko‘rsin.
– Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov), Badiiy akademiya (A.Nuriddinov), Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov), O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi (O.O‘sarov), “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi (I.Latipov) tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlasin.
– Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda homiylik xayriyalari hisobidan;
- Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.
– O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov), “Dunyo” axborot agentligi (S.Suyarov), O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi (Sh.Qudratxo‘ja) va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120220 | Инструменты