Prezident qimmatbaxo metallar va toshlar to'g'risidagi qonunni imzoladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi Qonunni (O‘RQ–710-son, 23.08.2021 y.) imzoladi.
Qonunga ko‘ra, tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bo‘lgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi jismoniy hamda yuridik shaxslarda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnoma olgan paytdan yuzaga keladi.
Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi tugaganidan keyin ularni rekultivatsiya qilish hamda kelgusida foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish yuzasidan choralar ko‘rish shart.
Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bo‘lgan yer qa’ri uchastkalari O‘zbekiston mulkidir, ulardan oqilona foydalanish lozim va ular davlat muhofazasidadir.
Qonunga ko‘ra, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olish bu bo‘yicha tegishli ruxsatnoma olgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Ruxsatnoma elektron auksion natijalaridan kelib chiqib O‘zbekiston fuqarolariga va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslarga Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladi.
Qazib olingan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni yashirish ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini tugatish uchun asos bo‘ladi.
Shuningdek, qimmatbaho metallarni affinaj qilish bo‘yicha faoliyat affinaj korxonalari tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini yasash bo‘yicha faoliyat xabardor qilish tartibi asosida amalga oshiriladi.
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qazib olinayotganda, ishlab chiqarilayotganda, ulardan foydalanilayotganda hamda ular realizatsiya qilinayotganda hisobga olinishi shart.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110500 | Инструменты