Qashqadaryoda fuqaro janjal sabab ko‘lda cho‘milayotgan tanishining ko‘ziga pnevmatik pistoletda otib qo‘ydi
Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida 2021 yil 10 avgust kuni fuqaro janjal sabab ko‘lda cho‘milayotgan tanishining ko‘ziga pnevmatik pistoletda otib qo‘ydi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea soat 14:00 atrofida tumanning Nuriston shaharchasidagi ko‘lda sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, Bunyodkor MFYda yashovchi I.B. tanishi tumanning A.Navoiy MFYda yashovchi V.F. bilan ko‘lga cho‘milish maqsadida borgan. O‘rtadagi janjal sabab cho‘milish uchun suvga tushgan V.F.ni I.B. pnevmatik pistolet bilan o‘ng ko‘z sohasiga bir marotaba o‘q otib, unga qasddan og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Ta’kidlanishicha, V.F. viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasiga ehtiyotsizligi oqibatida jarohat olganini aytib, tibbiy yordam olgan va IIBga murojaat qilmagan. Shifoxona yo‘llanmasi bilan Toshkent shahriga borgan V.F.ni Respublika ko‘z kasalliklari klinikasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan shifoxona ma’muriyati ichki ishlar organlariga xabar bergan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Qarshi tuman ichki ishlar bo‘limida qayd etilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, Namangan viloyatining Norin tumanida fuqaro hamqishlog‘ini o‘roq bilan jarohatlagani haqida xabar berilgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110500 | Инструменты