Huawei 1
Qishloq xo‘jaligi vazirligi go‘sht narxi oshishiga taʼsir qilgan omillarni sanadi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda go‘sht narxining oshib ketgani yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Vazirlik ushbu holat bo‘yicha BMTning Xalqaro oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) sharhini keltirdi.

Unda keltirilishicha, quyidagi uchta sabab go‘sht narxiga taʼsir qilmoqda:

  • Dunyoda go‘sht ishlab chiqarish hajmi sekinlashishi;

  • yirik import qiluvchi davlatlarda talab yuqoriligi;

  • ozuqa xomashyosi va transport xarajatlarining ortishi.

«Masalan, Rossiyada tovuq go‘shti narxi yil boshidan buyon 9,7 foizga, Qozog‘istonda esa 4,7 foizga oshgan. Umuman olganda, O‘zbekistonda go‘sht narxi mintaqaviy tendensiyalar doirasida saqlanmoqda va global bozor tebranishlariga nisbatan barqarorlikni namoyon qilmoqda», — deya qayd etgan vazirlik.

Vazirlik qayd etishicha, ayni paytda bozorlarning arzonlashtirilgan rastalarida 1 kg mol va qo‘y go‘shti o‘rtacha 65−75 ming, savdo rastalarida 90−95 ming, savdo markazlarida esa 95−100 ming so‘mdan sotilmoqda. Toshkent shahridagi arzonlashtirilgan rastalarda 65−75 ming so‘mlik go‘shtni xaridorlarning 15−18 foizini, 90−95 ming so‘mlik ro‘zg‘orbop go‘sht esa 82−85 foizini, 110−130 ming so‘mlik suyaksiz (lahm) go‘sht esa atigi 1−2 foizini tashkil etadi.

Poytaxt bozorlarida go‘shtni aholining xarid qobiliyatiga mos ravishda qismlarga bo‘lib sotish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, go‘shti ajratilgan suyak (ragu) 25−30 ming so‘m, qovurg‘a 85−95 ming so‘m, suyaksiz go‘sht (lahm) esa 110−130 ming so‘m atrofida.

Vazirlik go‘sht narxini xorij davlatlardagiga solishtirgan. Vazirlik 1 kg mol go‘shti Rossiyada 10−12, Belarusda 6−8, Qozog‘istonda 7−11, Tojikistonda 8−10, Gruziyada 9,5−12, Ozarbayjonda 9,5−12,5, Turkiyada 12−14 dollar, shuningdek, Shvetsiyada 46,2, Islandiyada 38,86, Janubiy Koreyada esa 28 dollar atrofida ekanini keltirgan.

«Bundan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston dunyoning go‘sht eng arzon sotiladigan davlatlari qatorida bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirg‘izistondan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi», — deya qayd etgan vazirlik.

Vazirlik go‘sht ishlab chiqarishga bevosita taʼsir ko‘rsatuvchi omillarni ham sanab o‘tgan. Qayd etilishicha, 2025 yilning birinchi choragida go‘sht ishlab chiqarish bilan bog‘liq xarajatlar — jumladan, yem-ozuqa, elektr energiyasi va yoqilg‘i-moylash materiallari narxlari keskin oshgan.

Shuningdek, chorvachilikda go‘sht yetishtirish uchun kuchli ozuqaga bo‘lgan talab yuqoriligi, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlarining yetishmasligi tufayli chorva mollarini ozuqa bilan taʼminlanish darajasining 35−40 foizini tashkil etmoqda.

2024 yil oktyabr oyidagi narxlar bilan solishtirilganda, bugungi kunda shrot narxi 3 ming so‘mdan 7 ming so‘mga, sheluxa 2 800 so‘mdan 4 ming so‘mga, omuxta yem 2 900 so‘mdan 3 700 so‘mga, bug‘doy 2 200 ming so‘mdan 3 500 ming so‘mga, makkajo‘xori silosi 500 so‘mdan 900−1 000 so‘mga, somon 15 ming so‘mdan 25 ming so‘mga, beda esa 25 ming so‘mdan 45 ming so‘mga oshgan.

Ozuqa xarajatlari, mehnatga haq to‘lash va elektr energiyasi xarajatlarining oshishi ham go‘sht tannarxiga bevosita taʼsir ko‘rsatgan.

2024 yilda umumiy 2 million 900 ming tonna tirik vaznda (1 million 700 ming tonna so‘yilgan vaznda) go‘sht ishlab chiqarilgan. 93 ming tonna go‘sht import qilingan. Ishlab chiqarilgan go‘shtga nisbatan import salmog‘i 5,4 foizni tashkil qilgan. Import qilingan go‘shtning 70 foizi qayta ishlash korxonalariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, qolgan qismi Toshkent shahri dehqon bozorlaridagi arzonlashtirilgan rastalarda sotilgan.

Vazirlik qayd etishicha, so‘nggi besh yilda chorvachilik sohasida olib borilgan islohotlar natijasida chorvachilik korxonalarida mol soni ikki barobar, ishlab chiqarilayotgan chorvachilik mahsulotlari hajmi esa uch barobar oshgan. Naslchilik korxonalari soni 400 tadan 1 900 taga yetkazilgan bo‘lsa, zoti yaxshilangan qoramollar ulushi 30−35 foizdan 70−75 foizga ko‘tarilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51208 | Инструменты