Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik va hayvonot turlarini muhofaza qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
– Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi deputat Turg‘unbay Xojanazarov. – Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham ekologik masalalar, xususan, atrof-muhitni asrash, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishga doir bir qator normalar o‘z aksini topdi. Mazkur qonun loyihasi bilan «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi, «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi, «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvon va o‘simliklar turlaridan foydalanishni taqiqlovchi va cheklovchi talablarni belgilash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, deputat qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida fraksiya va qo‘mitalarda muhokama qilingani hamda bir qator o‘zgarishlar, tahririy tuzatishlar kiritilgani haqida ma’lumotlar berdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu loyihaning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan turlarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va ularning yashash-o‘sish muhitini asrash, alohida muhofazaga olish hamda kelajak avlodga bus-butunligicha qoldirish imkoniyatini beradi.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan bir qator savollar o‘rtaga tashlandi, taklif va fikr-mulohazalar bildirildi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110717 | Инструменты