Huawei 1
Qonun bilan Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, qo‘riqlash va himoya qilish sohasiga doir tushunchalar aniq belgilab qo‘yilmoqda

Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan taʼminlanishini takomillashtirish maqsadida Senat qo‘mitalari tomonidan 2020-yilda qator qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilib, qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring amalga oshirilgan edi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunning ijrosi holati va huquqni qo‘llash amaliyoti tahlil qilinganda ushbu qonunda qayta o‘rganib chiqilishi hamda takomillashtirilishi lozim bo‘lgan normalar mavjudligi aniqlandi.

Shundan so‘ng yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, unda mamlakatimiz Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish asoslari, mazkur sohadagi vakolatli davlat organlarining huquqiy maqomi mustahkamlandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini o‘tkazish punktlari orqali kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlari, shuningdek shaxslarning, transport vositalarining hamda tovarlarning o‘tkazilishini vaqtincha cheklashga yoki to‘xtatib turishga doir asoslarning batafsil ro‘yxati belgilandi.

Shunday bo‘lsa-da, huquqni qo‘llash amaliyotida mamlakatimizning Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, qo‘riqlash va himoya qilish sohasiga doir alohida tushunchalar turlicha talqin etilishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zaruriyati mavjudligi ko‘zga tashlanmoqda.

Shu bois muhokama etilgan qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlarining, xususan 5 kodeks va 8 ta qonunning baʼzi normalarini “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar taklif etilayotgan qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi tushunchalarning aniq hamda bir xil qo‘llanilishiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining vakolatlarini aniqlashtirishga xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdilar.

Muhokamalardan so‘ng qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92114 | Инструменты