Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining birinchi sessiyasida Omonboy Tleubayevich O‘rinboyev Jo‘qorg‘i Kenges Raisi etib saylandi. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 30 oktyabr kuni e’lon qilingan saylov natijalariga ko‘ra, deputatlar tarkibi 63 foizga yangilangan. Kun tartibida Jo‘qorg‘i Kengesdagi siyosiy partiyalar fraksiyalarini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilgan. Deputatlar bu bo‘yicha tegishli qaror qabul qilgan.
Bundan so‘ng Raisni saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilgan. Oqsoqollar kengashining majlisi o‘tkazilib, unda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi lavozimiga 57-sonli “Berdaq” saylov okrugidan deputat Omonboy Tleubayevich O‘rinboyev nomzodi tavsiya etilgan. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan u ushbu lavozimga qayta saylandi.
Farhod Ermanov esa Vazirlar Kengashi Raisi lavozimiga tayinlandi.
Ma’lumot uchun, Omonboy O‘rinboyev 2002 yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasini, 2004 yilda akademiyaning magistratura bosqichini tamomlagan. Shuningdek, 2011 yilda Strategik tahlil va istiqbollarini belgilash oliy maktabida tahsil olgan. 2022 yil 26 avgustdan buyon ushbu lavozimda faoliyat yuritmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110617 | Инструменты