Huawei 1
Qoraqalpog‘istonda UNCCD elchisining Orol dengizi muammolariga bag‘ishlangan hujjatli filmi suratga olindi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasining (UNCCD) yaxshi niyat elchisi, malilik qo‘shiqchi va faol Inna Modja tashrif buyurdi. Maqsad Orol fojiasi, mahalliy aholi hayoti va cho‘llanishga qarshi kurashda ayollarning roliga bag‘ishlangan hujjatli film suratga olish edi.

Tashrif O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Iqlim o‘zgarishi milliy markazi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklari ko‘magida tashkil etildi.

Inna Modja Mo‘ynoqdagi ekologik ofat ramziga aylangan kema qabristoniga tashrif buyurdi. Shuningdek, u mahalliy ayollar bilan uchrashib, ularning cho‘llanishga qarshi kurash va o‘zgaruvchan ekologik sharoitlarga moslashishga qo‘shgan hissasini muhokama qildi. Bundan tashqari, xonanda Nukus shahridagi I. V. Savitskiy nomidagi muzeyning noyob sanʼat kolleksiyasi bilan mashhur boʻlgan koʻrgazmasi bilan ham tanishdi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning noyabr oyida Samarqand shahrida BMTning cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konvensiyasi (CRIC21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi  bo‘lib o‘tdi. Unda 196 mamlakatdan 500 nafarga yaqin delegatlar, jumladan, fuqarolik jamiyati va ilmiy doiralar vakillari ilk bor Markaziy Osiyoda yer degradatsiyasining oldini olish boʻyicha global maqsadlar sari olgʻa siljish, qum va chang boʻronlariga qarshi kurash choralarini muhokama qilish uchun yigʻildi.

2023-yilda UNCCDning yaxshi niyat elchisi etib tayinlangan Inna Modja cho‘llanishga qarshi kurash va ayollarning yerga bo‘lgan huquqlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslarni faol ilgari surmoqda. 2024-yilda u hamkasbi yaxshi niyat elchisi, musiqachi Riki Kedj bilan hamkorlikda butun dunyo boʻylab ayollar uchun yer huquqlarini taʼminlash boʻyicha UNCCD kampaniyasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Her Land” qoʻshigʻini chiqardi.

Inna Modjaning iqlim o‘zgarishi va uning ijtimoiy himoyaga muhtoj jamiyatlarga ta’siriga bag‘ishlangan birinchi hujjatli filmi xalqaro kinofestivallarda e’tirof etildi va nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘ldi.

Inna Modjaning Qoraqalpogʻistonga tashrifi xalqaro hamkorlikning muhimligi va mintaqaning ekologik muammolariga eʼtibor qaratilayotganligi, shuningdek, barqaror rivojlanish va choʻllanishga qarshi kurashda ayollarning roli muhim ekanligini yana bir bor ta'kidlaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41821 | Инструменты