O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan «G‘ishtko‘prik» nazorat-o‘tkazish punkti (Qozog‘iston tomonida «Jibek joli» punkti) vaqtincha yopiladi. Bu ushbu nazorat-o‘tkazish punktida olib borilayotgan modernizatsiya qilish ishlarining yakunlanishi bilan bog‘liq.
Qozog‘iston Davlat daromadlari qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, shu munosabat bilan «Qoplanbek» va «Navoiy» (O‘zbekiston) o‘tkazish punktlari jismoniy shaxslarning piyoda kesib o‘tishlari hamda yengil avtomobillar va avtobuslar uchun ochiladi.
«Qozog‘iston va O‘zbekiston tomonidan bir vaqtning o‘zida «Qoplanbek» va «Navoiy» nazorat-o‘tkazish punktlarida modernizatsiya va texnik qayta jihozlash ishlari amalga oshirildi va bugun ushbu o‘tkazish punktlarining texnik ochilishi amalga oshirildi», – deyiladi Qo‘mita xabarida.
Biroq, «Navoiy-Qoplonbek» nazorat-o‘tkazish punktida 27-yanvardan 5-fevralgacha jismoniy shaxslar, yo‘lovchi transport vositalari va avtobuslarning o‘tishi cheklanadi. 5-fevraldan esa nazorat-o‘tkazish punkti to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi.
Keyinchalik, tomonlar kelishuviga erishgandan so‘ng, ikkinchi bosqichda ushbu o‘tkazish punktlarida yuk tashuvchi transport vositalari o‘tadi.
Qayd etilishicha, ushbu nazorat-o‘tkazish punktida jismoniy shaxslarni o‘tkazish imkoniyati kuniga 20 mingtaga, avtomototransport vositalariniki esa 800 tagacha oshishi kutilmoqda.
«G‘ishtko‘prik-Jibek joli» nazorat-o‘tkazish punktining vaqtincha yopilish sanasi hozircha ma’lum qilinmagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12903 | Инструменты