Joriy yilning 3-iyun kunidan boshlab, Qozog‘istonning barcha hududlarida migratsiya sohasida huquqbuzarlikni aniqlash maqsadida “Nelegal-2024” reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.
Ushbu reyd tadbirlari davomida Qozog‘iston hududida qonuniy bo‘lib turish va qonuniy mehnat migratsiyasi tartibini buzgan chet el fuqarolariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Taʼkidlash joiz, qonunbuzilish holatlari Olmaota, Ostona, Chimkent shaharlari va Mangistau viloyatida ko‘p uchramoqda.
Shu munosabat bilan, ushbu davlatga borayotgan va bo‘lib turgan o'zbekistonliklardan migratsiya qoidalariga rioya qilish so‘raladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududida 30 kun muddatgacha bo‘lib turishi mumkin, ammo ushbu davr mobaynida mehnat faoliyatini amalga oshirishi taqiqlanadi.
Bundan tashqari, ishlash uchun ushbu davlatga borgan shaxsdan darhol ishlash uchun va vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olish talab etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122322 | Инструменты