Huawei 1
Qur’oni Karimning o‘zbek tilidagi to‘rtta tarjimasi topildi

Tarixda buyuk hukmdorlar Qur’oni Karim qo‘lyozmalarini nafaqat ko‘chirtirish, balki uning ma’nosini anglashga ham alohida e’tibor qaratishgan.

Somoniylar davridan boshlab, ba’zi qo‘lyozmalarda satr osti tarjimalari ham yaratilgan. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mutaxassislari ana shunday tarjimalarni o‘rganmoqda.

Hozirgacha Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davriga oid turkiy tarjimali Qur’on qo‘lyozmalari aniqlandi. Yaqinda ozarbayjonlik mutaxassislar eski o‘zbek tilida bitilgan yana to‘rtta Qur’on tarjimasi haqida ma’lumot berdilar.

Ulardan biri Muhammad ibn Shayx Yusuf al-Oboriy tomonidan ko‘chirilgan bo‘lib, Temuriylar davriga tegishliligi aniqlangan. Bu qo‘lyozma Erondagi Mashhad shahrida joylashgan Ostonai Qudsi Rizaviy markaziy kutubxonasida saqlanmoqda.

XVII asrga oid yana bir Qur’on qo‘lyozmasi Shayboniylar davriga tegishli deb taxmin qilinmoqda. Bu nodir qo‘lyozma hozirda Iordaniyadagi "Islom bilimlari" jamg‘armasi fondida saqlanmoqda.  

Eski o‘zbek tilidagi uchinchi qo‘lyozma esa Safaviylar yoki Shayboniylar davriga oid bo‘lishi mumkin. Ushbu tarjimada turkiy tilning o‘g‘uz lahjasi unsurlari ham uchraydi.

To‘rtinchi qo‘lyozma ham xuddi shu shakldagi tarjimani o‘z ichiga olgan bo‘lib, Ali Shayx Fazlulloh tomonidan XVI asrda ko‘chirilgan. U ham Eronda saqlanmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmatiga ko‘ra, tadqiqotchilar ushbu qo‘lyozmalarni keng o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32018 | Инструменты