Huawei 1
Qurilish vaziri ko‘p qavatli uylar majburan boshqaruv kompaniyalariga berilayotganiga oid vaziyatga izoh berdi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov 9-iyun kuni ko‘p qavatli uylar majburan boshqaruv kompaniyalariga berilayotgani bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.

So‘nggi yillarda Toshkentda ko‘p qavatli uylarni boshqarish shaklining uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan (UJMSh) boshqaruv kompaniyalariga (BK) ommaviy o‘zgarishi yuz berdi. Bu qishda jarayon yana davom etdi va bu yana aholi o‘rtasida jiddiy norozilik keltirib chiqardi. Ular qonun buzilishlari, hukumat amaldorlari tomonidan bosimlar, mulkdorlarning roziligisiz va hatto ishtirokisiz o‘tayotgan o‘tish jarayoni shaffof emasligidan shikoyat qilib, xizmat ko‘rsatish sifati yomonlashishidan qo‘rqmoqda.

Aprel oyi oxirida avvalgi murojaatlar hech qanday natija bermagach, Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylar rahbarlari hukumatga uchinchi bor murojaat qilgandi. Ular qonunga xilof ish tutayotgan mutasaddilarning tazyiqlariga rozi emasligini bildirib, hukumat va poytaxt hokimligidan tushuntirish talab qilgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi aholini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgandi, biroq ularga taklif qilingan yechimlar yakkalik, muammo esa keng tarqalgan edi.

Qurilish vazirligi rahbari BKga o‘tishga majbur bo‘layotgan UJMShlarga kim bosim o‘tkazayotganini so‘radi. 

“Yo‘q, yo‘q, hujjatlarga tayangan holda aniq faktlar bilan gapirishimiz kerak. Vazirlik bu sohani qonun bilan tartibga soladi. Hozir boshqaruv kompaniyalarida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Biz talablarni chindan ham qattiqlashtirdik. Bundan buyon kimdir yangi uy foydalanishga topshirsa, boshqaruv kompaniyasi qabul qilmagunicha uni nazorat inspektori qabul qilmaydi. Chunki bu uydan foydalanish bilan bog‘liq”, — dedi vazir.

Sherzod Hidoyatovning ta’kidlashicha, qabul qilish jarayonida binoni billing tizimi orqali qabul qilishi kerak bo‘lgan boshqaruv kompaniyasi ishtirok etadi.

“[BKga majburiy o‘tish] — bunday narsa yo‘q. UJMShlar ham, mulkdorlarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham qonun asosida ishlaydi. Ularning barchasi ishlaydi. Biz ularning ko‘plarini bilamiz. [Qurilish vazirligi binosi] pastki qavatida qabulxonamiz bor, u yerda mening bu boradagi o‘rinbosarim Ozoda Jo‘rayeva qabul qiladi. U o‘zi shaxsan barchani qabul qiladi va masalalarni hal qiladi”, — dedi u.

Vazirning fikricha, “bu masalada biz aholi tomonida bo‘lishimiz kerak”.

“Xizmatlar rostdan ko‘rsatilyaptimi? Mablag‘lar to‘g‘ri sarflanyaptimi? Ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmoqdami? Tekshiruv bu masalalarni o‘rganib chiqadi, shundan kelib chiqib qaror qabul qilinadi”, — dedi Hidoyatov.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71301 | Инструменты