Huawei 1
Quvasoydagi “Kvars” korxonasi $20 mln investitsiya kiritib, yillik 5 mln kv. metr quyosh nurini qaytaruvchi oyna ishlab chiqarish tashabbusini bildirdi

So‘nggi yetti yilda qurilish materiallari sohasiga 9 milliard dollar investitsiya kiritilib, 5 mingga yaqin yangi korxona ishga tushdi, 94 mingta doimiy ish o‘rni yaratildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ishlab chiqarish 2 karra o‘sdi, yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan korxonalar 150 tadan oshdi.  So‘nggi besh yilda qurilishlar hajmi ham 2 baravar ko‘paydi. 

Shu bilan birga, 650 million dollarlik yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish hisobiga qurilishdagi import ulushini 31 foizdan 25 foizga tushirishga erishildi. Qurilish materiallari eksport bozori ham 58 taga yetdi, xorijda 20 dan ortiq savdo omborlari, 50 dan ziyod savdo do‘konlari ochildi.

Lekin, salohiyati, mahsulotiga bozorda talab yuqori bo‘lgan ushbu soha uchun bu ko‘rsatkichlar kamligi ko‘rsatib o‘tildi.

Birgina qo‘shnilarimizning o‘zi bizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan 2 milliard dollarlik qurilish materiallarini boshqa davlatlardan import qilayapti.

Bizda haligacha lak-bo‘yoq, gulqog‘oz, PVXdan quvur va fitinglar, pol qoplamasi, pardozbop tosh, santexnika kabi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan tovarlar import bo‘lmoqda.

Bazalt xomashyosi qayta ishlanib, qurilishda keng qo‘llanayotgani hisobiga yangi uy-joy va ijtimoiy obyektlarda energiya sarfi 20 foizgacha kamaygani taʼkidlandi.

Biroq qurilishda bazaltdan tashqari quyosh nurini qaytaruvchi oyna, fibro tolali panel, vermikulit aralashmasi kabi materiallarni ishlatib, energiya sarfini yana 2 baravar qisqartirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hozir qurilishda talab yuqori bo‘lgan quyoshni qaytaruvchi indiy, alyuminiy yoki rux plyonkasi bilan qoplangan maxsus oynalar ishlab chiqarish haligacha yo‘lga qo‘yilmagan.

Bu borada Quvasoydagi “Kvars” korxonasi 20 million dollar investitsiya kiritib, yillik 5 million kvadrat metr bunday oyna ishlab chiqarish tashabbusini bildirmoqda.

Prezident bu loyihani maʼqullab, mutsaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92320 | Инструменты