Huawei 1
“Rejali cheklovlar kiritmasak, bundan-da jiddiyroq talafot ko‘rishimiz mumkin” — energetika vaziri (video)

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda energiya ta’minotidagi uzilishlarga izoh berdi. Uning aytishicha, hozirgi ob-havo sharoiti yanada rejali o‘chirishlar yo‘lga qo‘yilmasa, jiddiyroq talafotlar yuzaga kelishi mumkin.

"Bizning vazifamiz — odamlarning xonadonini gaz bilan ta’minlash, shuningdek, tabiiy gaz yordamida issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiya ishlab chiqarib, elektr energiyasini yetkazib berishdir. To‘g‘ri, e’tirozlar bor. Hammaga ham yetib bormayapti. Juda ko‘p o‘chishlar bo‘lyapti. Buni biz tan olamiz, buni hech kim inkor etmayapti.

Shunday ob-havo sharoitida rejali, tizimli cheklovlar kiritgan holda vaziyatdan chiqib ketmasak, ertaga bundan-da jiddiyroq talafot ko‘rish mumkin. Shuning uchun bunday keskin choralar ko‘rishga majburmiz", — deya xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda Farg‘onaning O‘zbekiston tumanidagi “Sho‘rsuv sement” ishchilari murojaat bilan chiqib, zavodda gaz uzib qo‘yilgani ortidan ishsiz va daromadsiz qolib ketishgani aytilgan videolar tarqalgandi. Energetika vaziri ushbu holatga ham izoh berdi.

"Farg‘onadagi holatga keladigan bo‘lsak, yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz, boshqa alternativ yoqilg‘ida ishlashi mumkin bo‘lgan barcha ob’yektlar havo keskin shunaqa paytda tarmoqdan uziladi. Bu yerda biroz bo‘rttirib gapirilgan, 10 mingta deb. Bu syement ishlab chiqarish korxonasining 10 mingta emas, yuzdan sal oshiqroq ishchilari bo‘lgan.

Hamma biladiki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bor, g‘isht zavodlari, yangidan qurilayotgan syement zavodlar barchasi ko‘mir, ya’ni alternativ yoqilg‘ida ishlashi kerak. Hozir bu zavodni tabiiy gazga kim ulagan, kim ruxsat bergan, buni alohida o‘rganib chiqamiz. Lekin korxona rahbarlari shartnoma shartlariga ko‘ra vaqtida ogohlantirilgan. Ishchilar bilan tegishli targ‘ibot ishlarini olib borishi kerak edi”, – dedi Mirzamahmudov.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50408 | Инструменты