Respublika aerogeodeziya markazi binosi 213 mlrd so‘mga sotildi

Kecha 26-oktabr kuni E-auksion platformasida Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Respublika aerogeodeziya markazi binosini sotish boʻyicha ochiq auksion yakuniga yetdi. 

Boshlangʻich narxi 157,8 mlrd soʻm etib belgilangan obyekt uchun ikki talabgor kurashgan. Savdolar yakunida “UTKIR SHOP” MCHJ 213 mlrd soʻmlik taklif bilan gʻolib deb topilgan. Yakuniy narx boshlangʻich qiymatdan 55,2 mlrd soʻmga (qariyb 35 foiz) oshgan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Lot maʼlumotlariga koʻra, bino va inshootlarning umumiy maydoni 9 975 kvadrat metrga teng. Birgalikda foydalanishdagi yer uchastkasi 1,3352 gektar boʻlib, sotilayotgan obyektga tegishli yer ulushi 1,1355 gektar deb koʻrsatilgan.

Savdo shartlariga muvofiq, Respublika aerogeodeziya markazi sotuvdan keyin binodan bir yil davomida bepul foydalanadi. Ushbu muddat tugagach, obyekt xaridorga topshiriladi. 

Xaridorga toʻlovni boʻlib amalga oshirish imkoniyati berilgan. Jumladan, uch oy davomida narxning 35 foizi toʻlansa, qolgan summani besh yil davomida foizsiz boʻlib toʻlash mumkin. Olti oyda 50 foiz toʻlangan taqdirda esa qolgan summa yetti yil davomida foizsiz toʻlanishi mumkin. Shuningdek, olti oy ichida toʻliq toʻlov amalga oshirilsa, jami summaga nisbatan 25% chegirma berilishi nazarda tutilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102712 | Инструменты