O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo tarixida ilk bor: Shahlo Turdiqulova Butunjahon fanlar akademiyasi vise-prezidenti etib saylandi

Butunjahon fanlar akademiyasi 112 mamlakatning yetakchi tadqiqotchilarini, jumladan, Nobel mukofoti laureatlarini birlashtiradi. Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Abdus Salam tashabbusi bilan 1983-yilda tashkil etilgan TWAS rivojlanayotgan mamlakatlarda ilm-fan taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlaydi. Akademiya YuNESKOning dasturiy bo‘linmasi bo‘lib, uning bosh qarorgohi Italiyaning Triest shahrida joylashgan.

Saylov natijalari TWAS a'zolarining ovoz berishi asosida aniqlandi. Shahlo Turdiqulova akademiyaning olti nafar vise-prezidentidan biri sifatida 2027-yil 1-yanvardan o‘z vakolatlarini bajarishga kirishadi. U 2025-yildan Butunjahon fanlar akademiyasi a'zosi hisoblanadi.

TWASning yangi Kengashiga Xitoy Fanlar akademiyasi prezidenti Xou Szyango rahbarlik qiladi. Shahlo Turdiqulova Kengash tarkibida akademiya faoliyatining strategik yo‘nalishlarini belgilash, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etadi. Uning saylanishi Markaziy Osiyoga TWASning ilmiy kun tartibini shakllantirishda rahbariyat darajasida bevosita ishtirok etish imkonini beradi.

Ma’lumot o‘rnida: biologiya fanlari doktori Shahlo Turdiqulova — biotexnologiya, biokimyo va inson genetikasi sohalaridagi olim, Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori. U doktorlik dissertasiyasini tayyorlash doirasida Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetining (UCLA) membrana biologiyasi laboratoriyasida tadqiqotlar olib borgan. 2025 yilda Oksford universitetining tashkiliy yetakchilik bo‘yicha diplomini — Postgraduate Diploma in Organisational Leadership — olgan.
Uning ilmiy faoliyati Markaziy Osiyo aholisi genetikasini o‘rganish va O‘zbekistonda biotexnologiyalarni rivojlantirish bilan bog‘liq. Uning rahbarligida COVID-19ni aniqlashga mo‘ljallangan ilk mahalliy PZR-test tizimi hamda O‘zbekiston–Xitoy hamkorligidagi ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi ishlab chiqilgan.
TWAS ilmiy tadqiqotlar uchun grantlar ajratadi, ilmiy kadrlar tayyorlashga ko‘maklashadi, tadqiqot markazlari o‘rtasidagi almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlaydi va ilmiy diplomatiyani rivojlantiradi.
Shahlo Turdiqulovaning saylanishi O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning ilmiy tashabbuslarini ilgari surish, tadqiqot sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqa yosh olimlarining xalqaro dasturlarda ishtirokini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102623 | Инструменты