O‘tgan yil Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy markazi jamoasi uchun sermahsul kechdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Buni turli yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘lga kiritilgan natijalar ham tasdiqlab turibdi.
Misol tariqasida markazda 59, viloyatlarda 132, tuman shifoxonalarida 4 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari hayotga tatbiq etilganligini keltirish mumkin.
Shu singari yutuqlar eʼtirofi sifatida mazkur muassasaga ISO 9001:2015, ISO 7101:2023 xalqaro sifat standartlarini joriy etganligi munosabati bilan maxsus sertifikatlar topshirildi.
— Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yilda hududlardan bizga murojaat qilgan aholi soni 2 barobar kamayishiga erishildi, — deydi mazkur muassasa direktori Anvar Alimov. — Endilikda ana shu natijalarimizni yaxshilash uchun ixtisoslashgan tibbiy xizmatni aholiga yana-da yaqinlashtirish, kasalliklar profilaktikasi va ularni erta aniqlash, maqsadli skriningni amalga oshirish, mutaxassislar ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda sohaga innovatsion texnologiyalarni jalb etish bilan bog‘liq vazifalarni belgilab olganmiz.
Birinchidan, tuman (shahar) shifoxonalarida avvallari o‘tkazilmagan 6 ta yangi diagnostika va davolash usuli joriy qilinadi. Mahalliy jarrohlar bilan birgalikda 16 ta tuman va shaharda qandli diabetning yiringli asoratlari, qalqonsimon bez hamda liposaksiya bo‘yicha jarrohlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yamiz. Hududiy filiallarimizda yangi 8 ta diagnostika va davolash usuli o‘zlashtiriladi.
Ikkinchidan, tuman tibbiyot birlashmalarining xodimlari markazda o‘z bilimlarini oshirsa, filiallarning 14 nafar va markazning 8 nafar mutaxassisi chet davlatlardagi nufuzli klinikalarda malaka oshiradi. Qolaversa, 335 nafar tuman endokrinologi uchun maxsus o‘quv kurslari o‘tkaziladi.
Uchinchidan, ixtisoslashgan tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish maqsadida har bir viloyatdan 2 tadan, jami 28 ta tuman va shaharlar namunaviy hududga aylantiriladi. Tajriba almashish, mahorat darslari o‘tkazish, yangi texnologiyalarni joriy qilish va hududlarda tibbiy ko‘riklar hamda operatsiyalarni amalga oshirish uchun Rossiya, Turkiya, Buyuk Britaniya va Germaniyadan 10 nafar mutaxassisni jalb qilmoqchimiz.
To‘rtinchidan, Germaniya va Rossiya Federatsiyasi tegishli dasturi asosida jami 208 ta tuman tibbiyot muassasasida "Qandli diabet 2 tur bemorlarni terapevtik o‘qitish bo‘yicha milliy maktabi" faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Beshinchidan, o‘zaro hamkorlikda 40 yoshdan yuqori aholi orasida qandli diabet hamda diabet oldi holatini erta aniqlash skriningi amalga oshiriladi hamda shu kasallik aniqlangan bemorlarning dispanser nazorati olib boriladi.
Oltinchidan, markazimizga jalb etiladigan chet ellik bemorlar sonini 2 marta, hududlarda esa 2 karra ko‘paytirishni maqsad qilganmiz.
Yettinchidan, raqamli va innovatsion texnologiyalar, telemeditsina hamda masofaviy maslahat dasturlariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Bu zalvarli vazifalarni bajarishga markaz jamoasining salohiyati ham, texnik imkoniyatlari ham yetarli.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11900 | Инструменты