Sog‘liqni saqlash tizimida masʼul lavozimlarda ishlagan fidoyi shifokor, tashkilotchi rahbar Tohir Musoyev 44 yoshida vafot etdi.
Tohir Musoyev 1979-yil 29-oktyabrda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Buxoro davlat tibbiyot institutida bakalavr va klinik ordinaturani tamomlagan. Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetida “Yurak-tomir xirurgiyasi” mutaxassisligi bo‘yicha aspiranturada tahsil olgan.
Mehnat faoliyatini Buxoro davlat tibbiyot institutida kafedra assistenti va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali II-xirurgiya bo‘limi vrach-ordinatori sifatida boshlagan.
Turli yillarda Buxoro davlat tibbiyot instituti katta o‘qituvchisi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori o‘rinbosari, mazkur tibbiyot muassasasi bosh shifokori kabi lavozimlarda ishlagan.
Tohir Musoyev 2020-yildan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori sifatida samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
"Uzreport.news" jamoasi marhumning yaqinlari, oila aʼzolari va hamkasblariga chuqur taʼziya izhor etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты