Rossiyalik bloger Ilya Varlamov O‘zbekiston poyezdidagi sharoitni tanqid qilganidan so‘ng poyezd xodimlari jazolandi

Rossiya Adliya vazirligi tomonidan “xorijiy agent” deb e’lon qilingan rossiyalik jurnalist va bloger Ilya Varlamov Samarqanddan Toshkentga qatnaydigan poyezddagi sharoitni tanqid qilib chiqqandi. Bu haqda u o‘zining Facebook' dagi sahifasida videolavha joylashtirgan. Holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy munosabat bildirdi. 

Ma’lum qilinishicha, bloger joriy yilning 18-fevral kuni 11-sonli “Sharq” “Buxoro – Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdining “Samarqand – Toshkent” yo‘nalishida harakatlangan. U poyezddagi sharoitlarni ko‘zdan kechirib, sharoit to‘langan pulga arzimasligini, u joylashgan poyezd kupesidagi jihozlar chang va kir holatda bo‘lganini aytib o'tgan. Shuningdek, u kupe oynasiga skotch yopishtirilganini, yostiq jildlari toza emasligini tanqid qilgan.

Bundan tashqari,  Varlamov kupeda yuvinish xonasi mavjudligini lekin u berkitib qo‘yilganini, shuningdek, hojatxona abgor holatdaligini aytib, toza emasligini tanqid ostiga olgan.

Uning tanqididan so‘ng tezkor yig‘ilish o‘tkazilgan. Ko‘rsatilgan kamchiliklar yuzasidan ushbu sanada xizmat vazifasini olib borgan vagon kuzatuvchilari va poyezd boshlig‘iga qat’iy intizomiy jazo qo‘llanilib, yo‘lovchi poyezdlarda servis va xizmat ko‘rsatish qoidalari haqida qayta ko‘rsatmalar berib o‘tilgan. 

"Hozirgi kunda barcha yo‘nalishlar harakati davomida yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishini tekshirish maqsadida ishchi guruh qo‘shimcha faoliyatini boshladi", - deyiladi rasmiy izohda.

Shuningdek, videolavhada aytib o‘tilgan yo‘nalishning chipta narxi 100 AQSH dollaridan oshiqligi haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aytib o‘tildi.

Aniqlanishicha, bloger mazkur yo‘nalish uchun chiptani Rossiya Federatsiyasining “RJD” saytidan elektron tarzda 4213,9 rublga rasmiylashtirgan. Mazkur vagon lyuks toifasida bo‘lib, 4 ta kupedan iborat va faqat 8 ta yo‘lovchi uchun xizmat ko‘rsatadi. Ushbu yo‘nalish chipta narxi 385 980 so‘m hisoblanadi. 

“Hurmatli yo‘lovchilar, o‘z tasdig‘ini topmagan ma’lumotlarga ishonmasligingizni so‘raymiz”, - deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60121 | Инструменты