Avvalroq, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidovaning qo‘shig‘i uchun klip surʼatga olish jarayonida aktrisa Sabrina Jabborovani avtomobil bosib ketgani, shundan so‘ng u yordam so‘rab post qoldirgani xabar qilingandi. Oradan ko‘p o‘tmay xonandaning o‘sha klipida ishlagan ijodiy jamoa mazkur vaziyat bo‘yicha tushuntirish bergandi.
Mazkur holat yuzasidan xonandaning o‘zi Instagram sahifasida video joylab, tushuntirish berdi.
Ozoda Nursaidova uning klipi s’yomkasi davomida bunday hodisa ro‘y berganini tan oldi va voqea sodir bo‘lganda suratga olish maydonchasida bo‘lmagani, voqea haqida o‘zi ham telefon qo‘ng‘irog‘i orqali xabar topganini aytdi.
“Klipni s’yomka qilish jarayoni qadday bo‘lishi haqida bir narsani aytib o‘tishim kerak. Xonanda buyurtmachi. Suratga olish guruhi yig‘iladi. Har bir odamning o‘z vazifasi bor. S’yomka qilinadi. San’atkorga beriladi. Jarayonda qatnashgan har bir odam uchun, aktrisa bo‘lsin, “mossovka” bo‘lsin, texnik guruh bo‘lsin, ulaning xavfsizligi uchun men javob bermayman”, dedi Nursaidova.
Shuningdek, u aktrisaga yordam ko‘rsatilgani va shu kungacha shaxsan o‘zi tomonidan yordam ko‘rsatilib kelinayotganini aytdi.
“Mayli, minnat bo‘lmasin, mening administratorim bir oy davomida Sabrinaning uyida deyarli yashadi. Bir oy yashadi. Shifoxonada hamma yordam ko‘rsatildi. Nafaqat men, balki butun suratga olish guruhi tomonidan. Hamma qo‘lidan kelgancha yordam qildi”, dedi Ozoda Nursaidova.
Xonanda aktrisa Sabrina Jabborovaning operatsiyasi notog‘ri qilingani va buning oqibatida uning bir oyog‘i kalta bo‘lib qolgani haqidagi gapni ham birinchi marta eshitayotganini ta’kildagan.
“Yanvar oyida Sabrina turib, s’yomkalarga borayotganini eshitib xursand bo‘ldik. Yangi yilda ham borib tabriklab kelishdi. Biz Sabrina oyoqqa turibdi deb xursand bo‘ldik. Mart oyida ham Sabrinaga beriladigan yordamni berib kelishdi. Bunday gap yo‘q edi. Mana kecha yashin tezligida bunaqa ma’lumot tarqalyapti”, deydi Nursaidova.
Shu bilan birga, xonanda bu yerda aytilmayotgan boshqa bir vajlar, tafsilotlar va aralashib qolayotgan kuchlar borligini aytdi. U bular haqida kelguvsi bir chiqishida aytishi yoki tergovga ma’lum qilishini bildirdi.
“Albatta, bo‘lgan voqeadan juda ham afsusdaman. Yaxshi ish bo‘lmadi. Baxtsiz voqea bo‘lishidan qat’i nazar hech bir onaga ko‘rsatmasin farzandini bu holda ko‘rishni. O‘ylaymanki, bu narsaga adolat tarafdan yondashiladi. Har bir odam noto‘g‘ri ishi uchun jazosini oladi”, dedi Nursaidova.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB aktrisaning murojaati ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lganidan keyin YTH haqida axborot berdi. 2024 yilning 7 noyabr kuni soat taxminan 13:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Yangi O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan avtoturargohlarning birida haydovchi voyaga yetmagan 2008 yilda tug‘ilgan S.P. Mercedes Benz rusumli avtomashinada harakatlanib, 2 nafar piyodani (2003 yilda tug‘ilgan J.S. va 2006 yilda tug‘ilgan Sh.E.) urib yuborganini maʼlum qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80311 | Инструменты