Huawei 1
Samarqand xalqaro aeroporti yo‘lovchilar oqimi o‘sishi bo‘yicha Yevropa reytingida yuqori o‘rinni egalladi

Samarqand xalqaro aeroporti o‘z mavqeini mustahkamlab, nufuzli “ACI Europe” reytingida yiliga 1 milliondan 10 milliongacha yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan aeroportlar orasida 2-o‘rinni egalladi. Bu haqda “Air Marakanda” aviakompaniyasi ma’lum qildi.

Yevropa aeroportlari xalqaro kengashi (Airports Council International, ACI Europe) ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqand aeroporti 2019 yilga nisbatan yo‘lovchilar oqimining +186 foiz o‘sishini qayd etgan.

Bu natija nafaqat mamlakat aviatsiya tarmog‘ining jadal rivojlanayotgani, balki Samarqandga bo‘lgan sayyohlik qiziqishi ortib borayotganiga yaqqol misol bo‘ladi.

Shuningdek, 2024 yilda aeroport 1,38 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib, o‘z faoliyati tarixidagi eng yuqori natijaga erishdi. Bu 2023 yildagi rekord natijadan 37 foiz yuqoridir.

Ayni paytda Samarqand xalqaro aeroportining zamonaviy terminalini “Air Marakanda” aviakompaniyasi boshqaryapti va u 17 ta kompaniya bilan hamkorlik qilyapti. Hozirgi kunda bu yerdan 18 ta yo‘nalish bo‘yicha parvozlar amalga oshirilmoqda. Ulardan 16 tasi xalqaro, 2 tasi ichki aviaqatnovlardir.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31521 | Инструменты