12-fevral kuni “Silk Road Samarkand” kongress zalida Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasi 14-yig‘ilishining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ochib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga Murojaatnomasini o‘qib berdi.
"O‘zbekistonda yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda sohaning me’yoriy-huquqiy bazasi takomillashtirilib, yangi qonun hujjatlari qabul qilinib, ularning samarali ijrosi ta’minlandi.
O‘zbekiston 2024–2027-yillarda Konvensiyaga raislik qilishi davomida ko‘chib yuruvchi hayvonlar turlarini himoya qilish uchun barcha kuch va salohiyatini safarbar qilishga tayyor. Samarqandda 2024–2032-yillarga mo‘ljallangan yangi strategik rejaning qabul qilinishini olqishlaymiz, bu boradagi kelgusi ishlarning asosiy yo‘nalishlari belgilab olinadi”, — deyiladi Murojaatnomada.
Konferensiya butun jahon hamjamiyatiga taalluqli boʻlgan eng dolzarb muammolardan biri – yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash masalasini hal qilish uchun 130 mamlakatdan 1800 dan ortiq ishtirokchini jamladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, tashkilotning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen, Ko‘chib yuruvchi turlar bo‘yicha konvensiya ijrochi kotibi Emi Frenkel, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha Butunjahon monitoring markazi (UNEP-WCMC) rahbari Kelli Malsh, vazirlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatlar, soha ekspertlari va boshqalar ishtirok etdi.Tadbirda konvensiyani amalga oshirishdagi taraqqiyot, shuningdek, ko'chib yuruvchi turlar va ularning yashash joylarini saqlash bo'yicha ko'plab ehtiyoj va muammolarni hal qilish bo'yicha harakatlar ko'rib chiqildi.
Bir haftalik muzokaralar davomida CMS COP14da yuzdan ortiq masalalarni qamrab oluvchi keng kun tartibini ko'rib chiqishi kutilmoqda, jumladan:
— Xalqaro himoyaga muhtoj bo'lgan o'n to'rtta qo'shimcha turni o'z ichiga olgan CMS Ilovalariga tuzatishlar kiritish;
— yettita turni saqlashning ustuvor chora-tadbirlari sifatida yangi kelishilgan harakatlar bo'yicha takliflar;
— brakonyerlikka qarshi kurash chora-tadbirlari;
— atrof-muhit kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo'yicha harakatlar;
— 2024–2032-yillarga mo'ljallangan migratsiya turlari bo'yicha yangi strategik reja.
Shuningdek, bugungi ochilishda ko‘chib yuruvchi yovvoyi tabiat turlarining holati to‘g‘risidagi birinchi global hisobot taqdimoti bo‘ldi.
Ma'lumot uchun: CMS COP14 BMTning Kunming-Monreal Global Bioxilma-xillik Dasturi (GBF) qabul qilinganidan keyin migratsiya turlarini saqlash bo'yicha eng muhim global sa'y-harakatlaridan biridir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122620 | Инструменты