Huawei 2
Samarqanddagi maktab, bog‘cha va shifokorlik punktida qurilish talablariga rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi

Samarqand viloyati Payqariq tumani 34-sonli umumta’lim maktabida qo‘shimcha 180 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilishi davomida qurilish me’yorlaridan chetlashilgani aniqlandi. Ma'lum bo'lishicha, ushbu qurilish maydoni hududi belgilangan tartibda o‘ralmagan, maktab bolalari shundoq qurilish maydoni yonidan o‘tib-qaytadi. Bino poydevorining shamollatish tuynuklari loyihada diametri 150 millimetr bo‘lishi ko‘rsatilgan, biroq quruvchi tomonidan 50 millimetr o‘lchamda tuynuk qoldirilgan.

Bino devorlariga terilgan g‘ishtlarning ayrimlariga sement-qum qorishmasi to‘ldirilmagan. Loyihadan chetlashgan quruvchining kamchiliklari Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan davlat dasturlari asosida qurilayotgan ijtimoiy soha obyektlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida fosh bo‘lgan.

“Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi, ushbu ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida bajarib beramiz”, — deydi qurilish mas’uli.

Inspeksiya xodimlari tumanning “Nakurt” mahallasi hududida “Boshmoq” oilaviy shifokorlik punktining qurilish binosida bo‘lgan. Ushbu obyektda ham bir nechta qurilish talablari buzilayotgani aniqlangan.

Nazoratchilar bundan tashqari, tumanning “Katta saydo” mahallasida qurilayotgan maktabgacha ta’lim tashkiloti binosida bo‘lib, qator kamchiliklarni aniqladi. Masalan, bino poydevorining tashqi himoya qismiga loyihada ko‘rsatilgan qurilish materiallari emas, balki sifatsiz materiallardan foydalanilgan.

“Binoning tashqi himoya qismiga bazaltdan foydalanish ko‘rsatilgan, lekin joyida penoplastdan foydalanilgan. Umuman olganda, yuqoridagi obyektlarda texnik va mualliflik nazorati o‘z vaqtida yuritilmagan. Obyekt pasportlari mavjud emas, yoki ko‘rinarli joyga ilinmagan”, — deydi Samarqand viloyati qurilish nazorati inspeksiyasi matbuot xizmati rahbari.

Shuningdek, Ishtixon tumanida qurilayotgan suv inshooti ham ko‘zdan kechirilgan. Bu yerda ham yotqizilayotgan quvur o‘lchab ko‘rilganida, loyihada ko‘rsatilgan nuqtaga nisbatan past bo‘lib chiqqan. 

Qurilish tashkilotlariga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni belgilangan muddatda bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan. Ko‘rsatmalar o‘z vaqtida bajarilmasa, qurilish korxonalariga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga