Saudiya Arabistonida ishlayotgan o‘zbek ayollari va diplomatlar birgalikda sumalak tayyorladi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan buxoriylar diasporasi faol xotin-qizlari bilan birgalikda sumalak bazmi tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi

Maʼlum qilinishicha, unda Saudiya Arabistonida turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan faol o‘zbek ayollari, xususan, Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet va “Ummul Quro” universiteti professor-o‘qituvchilari, O‘zbekistonning Jiddadagi Bosh konsulxonasi diplomatlari oila aʼzolari qatnashdi.

Sumalak bazmi ishtirokchilariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, taʼlim sohasidagi o‘zgarishlar, mamlakatning iqtisodiy va turistik salohiyati hamda milliy bayramlar, o‘zbek milliy taomlari, xususan, sumalak pishirish jarayoni haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbir doirasida buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 583-yilligiga bag‘ishlangan “Navoiyni anglash — maʼnaviyatni anglashdir!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda O‘zbekistonda Navoiy merosini o‘rganish va ilmiy tadqiq, alloma asarlarini tarjima qilish va ularni bugungi avlodga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil so‘zlab berilgan.

Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari 2023-yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston va Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar tajribasi” mavzusidagi xalqaro forum yakunlarini yuqori baholadi.

Xususan, buxoriylar diasporasi vakillari O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ayollarning o‘rni alohida eʼtiborga loyiq ekanini taʼkidlab, respublikada xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72707 | Инструменты