Oqibatda yurtimiz ziyoratchilaridan 10 nafari jarohatlangan
Joriy yil 27-dekabr kuni Saudiya Arabistoni vaqti bilan soat 09:15da “Al-Afaj” transport kompaniyasiga tegishli “Mercedes-Benz” rusumli avtobus haydovchisi “Jidda-Madina” 160-magistral yo‘lida uxlab qolishi oqibatida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Oqibatda mazkur avtobusda O‘zbekistondan borgan 50 nafar yurtimiz ziyoratchilaridan 10 nafari jarohatlangan.
O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bergan xabarga ko'ra, mazkur transport hodisasi oqibatida jabr ko‘rganlarga Madina shahri yaqinidagi “Vadi Al-Far’” va “Al-Himna” shifoxonalarida tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Avtobusdagi 40 nafar ziyoratchi Madina shahridagi mehmonxonaga joylashtirilgan.
"Mazkur holat O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan. Ushbu mamlakatning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari hamda tibbiyot muassasalari bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan. Diplomatlarimiz fuqarolarimiz holidan xabarbor bo‘lib turibdi", - deyiladi vazirlik xabarida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20407 | Инструменты