Islomobod shahrida Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev va Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi direktori Aftab Ur Rehman Rana o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari targ‘ibotiga bag‘ishlangan “Road Show” doirasida tashkil etildi. Tomonlar turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da yaxshilash, mamlakatlar o‘rtasidagi sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha fikr almashdilar. Shuningdek, sohaga mutaxassislar tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, qo‘mita raisi Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bilan Pokistondagi oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, birgalikda qo‘shma o‘quv dasturlari, akademik almashinuvlarni ishlab chiqish, turizm bo‘yicha mutaxassislarning ikki mamlakatda amaliyot o‘tashlari uchun hamkorlik qilish takliflarini ilgari surdi.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekistonga Pokistondan kirib kelgan turistlar soni 2024-yilda 5687 nafarni tashkil etgan. Joriy yilning yanvar-mart oylarida esa bu ko‘rsatgich 2716 nafarga yetgan. Shuningdek, O‘zbekistondan Pokistonga 2024-yilda 63 nafar hamyurlarimiz borgan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki 3 oyida bu ko‘rsatgich 133 nafarni tashkil qilgan. Muzokara davomida bu raqamlarni oshirish uchun ikkala mamlakatda ham imkoniyat va salohiyat yetarli ekanligi, buning uchun birgalikda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish lozimligi taʼkidlandi. Uchrashuvda har ikki mamlakatning diqatga sazovor va turistlar uchun muhim bo‘lgan maskanlari taqdimoti ham o‘tkazildi.
Muzokaralar yakunida sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish, O‘zbekistonning turizm salohiyatini Pokistonda targ‘ib qilishga kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42006 | Инструменты