Huawei 1
Senat: hududlardan kelib tushgan takliflar asosida respublika byudjetidan 11 trillion so‘m ajratildi

Davlat moliyasini boshqarish tizimini yangi bosqichga olib chiqish va byudjet intizomini yana-da mustahkamlash, soliq-byudjet tizimining shaffofligini taʼminlash, xususan, mahalliy kengashlarning mahalliy byudjet mablag‘larini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘z navbatida, byudjet intizomini kuchaytirishga qaratilgan kelgusi yil uchun mahalliy byudjet loyihasini ko‘rib chiqish va qabul qilish, byudjet ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni har chorakda muhokama qilish va tasdiqlash, mahalliy byudjetdan ajratilayotgan mablag‘dan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlash kabi vazifalarni amalga oshirish joylardagi hokimiyat vakillik organlaridan jiddiy masʼuliyat talab etadi.

Oliy Majlis Senati ishchi guruhi hududlarda mahalliy kengash deputatlarining byudjet jarayonidagi faol ishtirokini taʼminlashga ko‘maklashish maqsadida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida xalq deputatlari Baxmal tumani kengashi deputatlari bilan muloqot o‘tkazdi.

Taʼkidlash joiz, 2020-yildan buyon Oliy Majlis Senatida bevosita mahalliy kengashlar deputatlari ishtirokida hududda aholini uzoq yillardan buyon tashvishga solayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar shakllantirilib, respublika byudjetida ularni aks ettirish bo‘yicha choralarni ko‘rish amaliyoti shakllantirilgan.  

Umumiy hisobda 2020-yildan buyon respublika byudjetidan hududlardan kelib tushgan takliflar asosida 11 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishiga erishildi.

Muloqot davomida kelgusi yil uchun mahalliy byudjet loyihasini tuzish bosqichida deputatlarning faolligini oshirish, tuman, viloyat, respublika byudjeti loyihasiga takliflarni kiritish imkoniyatlari xususida batafsil tushunchalar berildi.

Endilikda deputatlar tomonidan ko‘tarilgan muammoli masalalarni hal etish choralari belgilanib, ularni moliyalashtirish masalalari tegishliligi bo‘yicha tuman, viloyat va respublika byudjetida inobatga olish uchun ijro organiga kiritiladi.

Muhokama jarayonida joriy yilning 10 iyul kuni qabul qilingan Prezidentning "Byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi.  

Unga ko‘ra, endilikda mahalliy byudjetlar ijrosining tashqi auditi natijalari hamda keyingi yil uchun byudjet loyihasini baholash bo‘yicha Hisob palatasining xulosalari mahalliy kengash majlislarida muhokama qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90806 | Инструменты