Huawei 1
Senat huquq-tartibot xodimlari videolarini "obro‘sizlantirish maqsadida" tarqatishni taqiqlovchi qonunni maʼqulladi

24-yanvarda bo‘lib o‘tgan Senatning uchinchi yalpi majlisida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi  qonun ham ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun 2024-yil 16-avgustda o‘tgan chaqiriq Senatning 55-yalpi majlisida ham ko‘rilgan edi. Avvalgi muhokamalar jarayonida senatorlar O'zbekistonda so‘nggi yillarda yo‘l harakati ishtirokchilarining tegishli qoidalarga rioya etish madaniyatini oshirish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, respublika hududida yo‘l-transport hodisalari sodir etilayotgani va buning natijasida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetayotganligi haqida o‘z fikrlarini bildirgan edi.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Qonunda yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslikning salbiy oqibatlarining oldini olishga xizmat qiluvchi yangi normalar o‘rin olgan.

Qayd etilishicha, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 1952-moddasi ham to‘liq qayta ishlandi. Jumladan, fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi. Muhofaza qiluvchi organlar xodimlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati to‘liq saqlanib qolmoqda. Oldingi tahrirdan farqli ravishda bor narsani ijtimoiy tarmoqqa qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilanmayapti.

Qonunda faqat xodimlarning tasvirini ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslik, yaʼni xodimning harakatlari, so‘zlari va yuz bergan holatni buzmaslik, shu maqsadda montaj qilmaslik talab etilmoqda.

Mazkur modda sanksiyasida belgilangan jarima miqdorlari ham qaytadan ko‘rib chiqildi. Jumladan, qatʼiy belgilangan BHMning 50 barobari miqdoridagi(18 mln 750 ming so'm) jarima 20 baravardan(7 mln 500 ming so'm) 50 baravargacha(18 mln 750 ming so'm) etib, qatʼiy belgilangan 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olish 10 sutkagacha qisqartirilmoqda, yaʼni holatdan kelib chiqib, sudya undan ham kamroq muddat belgilashi mumkin.

Shundan kelib chiqib, ushbu moddada “huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto – va (yoki) videotasvirni ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish” uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Senatorlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi, yo‘l harakati ishtirokchilarini yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirishga, yo‘l harakati ishtirokchilari harakat davomida belgilangan qoidalarga amal qilishini taʼminlashga, pirovardida yo‘l-transport hodisalari soni kamayishiga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Eslatib o'tamiz, o'tgan yilning 16-avgust sanasida Senat huquq-tartibot idoralari xodimlari videolarini "obro‘sizlantirish maqsadida" tarqatishni taqiqlovchi qonunni rad etgan edi. Bunga sabab qilib tizimni takomillashtirish va qayta ko'rib chiqish keltirilgan edi. Senat raisi mazkur hujjatni qaytarish hamda qayta ko‘rib chiqish borasida maxsus ishchi guruh tuzilganini hamda Qonunchilik palatasi bilan Kelishuv komissiyasi tuzilganini maʼlum qilgan edi. Oradan 5 oy o'tar-o'tmas esa bu qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi. 

Maqola muallifi: I. Farhodova

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42407 | Инструменты