Suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash, tegishli tarmoq va sohalarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida o‘tgan asrning 90-yillariga nisbatan suv sarfi yiliga 64 milliard metr kubdan hozirgi kunda o‘rtacha 51 milliard metr kubgacha kamaytirildi.
Biroq, olib borilayotgan islohotlar, yangi rivojlanish strategiyasining shakllantirilishi va shunga mos ravishda suv munosabatlarining ijtimoiy-iqtisodiy asoslari o‘zgartirilishi suvga oid qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish zaruratini vujudga keltirmoqda.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi. Shu maqsadda ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan endilikda suv munosabatlari sohasidagi asosiy huquqiy hujjatlar Suv kodeksida tizimlashtirilayotgani taʼkidlandi.
Qonunning qabul qilinishi suvdan oqilona foydalanish, uni samarali boshqarish va muhofaza qilish hamda suv xo‘jaligini uzoq muddatli rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratadi. Shuningdek, mamlakatning suv xavfsizligiga erishiladi. Sohaga investitsiyalarni jalb qilish va uni texnologik modernizatsiya qilish rag‘batlantiriladi.
Qonunning qabul qilinishi xalqaro suv huquqi normalarini milliy qonunchilikka singdirish hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, majlisda “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi. Mazkur qonunning maqsadi hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari aʼzolari uchun o‘quv-seminari ham o‘tkazildi.
Seminarda doimiy komissiyalarning ish faoliyatini samarali tashkil etish, ularning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha aniq rejalarni belgilash, vakolatlari doirasida muhim masalalarni muhokama qilish va aniq natijalarga erishish bo‘yicha tajriba almashildi.
Mahalliy kengashlar vakillarining qonunchilikdagi yangiliklar, o‘zgarishlar yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish, sohaga oid qonunlarni ko‘rib chiqishda ularning fikrini olish zarurligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, ekinlarni sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish, atrof-muhitni asrab-avaylash, yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi vazifalar belgilab olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31320 | Инструменты