Ayiq bilan mashg‘ulot o‘tkazib, huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan bokschi Shahram G‘iyosovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 111-moddasiga ko‘ra ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Ma'lumot uchun, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda bokschi Shahram G‘iyosov ayiq bilan mashg‘ulot o‘tkazgani aks etgan video tarqalgan va bu keng jamoatchilikning keskin e'tirozlariga sabab bo‘lgan edi.
Holat Ekologiya vazirligi ekologik nazorat inspeksiyasi va IIV xodimlari tomonidan o‘rganilib, video ishtirokchilari va tashkilotchilardan tegishli tushuntirish xatlari olindi. Shuningdek, ayiq Farg‘ona hayvonot bog‘iga topshirildi.
Qolaversa, bokschi Shahram G'iyosov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga chaqirtirilib, Vazirlar Mahkamasining "Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan yovvoyi hayvonlarni saqlash va turli maqsadlarda foydalanish, hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish taqiqlangani tushuntirildi. O‘z navbatida Shahram G‘iyosov uzr so‘rab, o‘z xatosini tushunib yetgani va bunday holat boshqa takrorlanmasligini ta'kidladi.
Unutmang! Ekologiya vazirligi yovvoyi hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishni keskin qoralaydi! Bu kabi huquqbuzarliklar qonunchilikka ko‘ra qat'iy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10802 | Инструменты