Shavkat Mirziyoyev: "Hokim yordamchilari – Prezidentning mahalladagi vakillari hisoblanadi"
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha joriy yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda "mahallabay" ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinmoqda.
Jumladan, yangi yildan 9 ming 309 nafar hokim yordamchilari ish boshladi va ularga ko‘mak berish uchun vazirliklardan 300 nafar rahbar-xodimlar xizmat safariga yuborildi.
Ushbu tizimga mas’ul bo‘lgan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati tashkil etilib, barcha masalalar yechib berildi.
Endilikda hokim yordamchilari, eng avvalo, ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti og‘ir oilalarni o‘qitish va o‘z ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xo‘jaligi uchun ularga yer maydonlari ajratish masalalari bilan shug‘ullanadi.
Hokim yordamchilari aholi bilan har kuni ishlab, odamlarga davlat tomonidan yaratilgan moliyaviy imkoniyatlarni yetkazishi, tadbirkorlikka va dehqonchilikka o‘rgatish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishi lozim.
Bu maqsadlar uchun joriy yilda 10 trillion so‘m imtiyozli kredit va 2,5 trillion so‘m subsidiya ajratiladi (har bir mahallaga o‘rtacha 1,3 milliard so‘m).
"Ularning asosiy vazifasi – o‘z mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratish, kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadini ko‘paytirishdan iborat.
Buning uchun, hokim yordamchilari har qanday byurokratiyadan holi bo‘lishi, hech qaysi hokim yoki rahbar ularni majlislarga chaqirmasligi, turli hisobotlar bilan “ko‘mib tashlamasligi” lozim.
Hokimlar ular uchun faqat sharoit yaratib berishi kerak", dedi davlat rahbari yig‘ilishda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80701 | Инструменты