Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 13-fevral kuni ijtimoiy sohalarga mas’ul rahbarlarni qabul qildi.
Yig‘ilishda ushbu sohalardagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, 2022-yilda 386 ming nafar maktab bitiruvchilaridan 137 ming nafari oliy ta’limga, 20 ming nafari kollej va texnikumlarga qamrab olingan. Lekin bitiruvchilarning 50 foizi hech qanday kasb-hunarsiz mehnat bozoriga kirib kelgan. Shu bois, 2023-yildan boshlab, o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasbga o‘rgatish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi ta’kidlandi.
Bunga hamohang ravishda, oliy ta’lim tizimi ham o‘zgarishi kerakligi ta'kidlandi. Shu sabab institut va universitetlarning faoliyatini isloh qilib, malakali kadrlar tayyorlash, ilm bilan ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ma'lumotlarga ko'ra, so‘nggi yillarda olimlarning ish haqi 4,5 barobar oshirilgan. Bu yil ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion so‘m ajratilmoqda. Bundan foydalanib, suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, geologiya, sanoat, qurilish kabi dolzarb yo‘nalishlarda ilmiy asoslar yaratish zarurligi qayd etildi.
Yosh avlodni yuksak madaniyat ruhida tarbiyalash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Teatr, musiqa va kino sohalarini rivojlantirish, maqom va baxshichilikni asrab-avaylash muhimligi ta’kidlandi. Xalqimiz madaniyati va tabiat maskanlarini keng targ‘ib qilib, turistlarga sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham dolzarb masalalar ko‘p. Bugungi kunda aholining 56 foizida ortiqcha vazn, 30 foizida surunkali kasalliklar bor. Shu bois “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakati boshlanishi ma’lum qilindi.
Tibbiyot ta’limiga ilg‘or xorijiy tajribani joriy qilish, tizimni raqamlashtirish va tibbiy sug‘urtani yo‘lga qo‘yish orqali xizmat sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Aholini qiynab kelayotgan onkologik, yurak-qon tomir va endokrin kasalliklar bo‘yicha erta o‘limni keskin kamaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda vazirlar tizim faoliyatini samarali tashkil etish masalalari va ustuvor vazifalar yuzasidan axborot berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50905 | Инструменты