O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan Rim-katolik cherkovi kamerlengosi kardinal Kevin Farrellga hamdardlik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
“Davlatimiz rahbari o‘z maktubida Ruhoniy Hazratlari O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, dinlar va konfessiyalararo do‘stlikni mustahkamlash, butun jahonda muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etish ishiga munosib hissa qo‘shganini ta’kidladi”, deydi Asadov.
Shuningdek, Prezident Mirziyoyev Vatikan xalqiga, yer yuzidagi butun katolik ahliga chuqur ta’ziya va hamdardlik tuyg‘ularini izhor etgan.
Rim papasi Fransisk 21-aprel kuni 88 yoshida vafot etdi. Papa 2013-yil Rim-katolik cherkovi rahbariyatini o‘z qo‘liga olganidan beri jami to‘rt marta kasalxonaga yotqizilgan. U 2021-yilda qorin bo‘shlig‘ida jiddiy jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Bundan tashqari, 2023-yilda chandiq to‘qimasini va qorin churrasini davolash maqsadida yana bir operatsiyani boshdan kechirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70320 | Инструменты