Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 35 dan ortiq aniq tashabbuslarni ilgari surgan

Joriy yilning 10-11-noyabr kunlari Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning birinchi sammiti oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston — boshqa koʻp tomonlama formatlar qatori TDT doirasida ham oddiy kuzatuvchi emas, balki oʻz qarashlarini taklif etuvchi faol ishtirokchi boʻlib, bu bilan TDT kun tartibini bugungi kun voqeligiga mos ravishda boyitishga hissa qoʻshmoqda.

Umuman olganda, 2019 (Boku), 2020 (VKS), 2021 (onlayn, Istanbulda) Oʻzbekiston Prezidenti TDT doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 35 dan ortiq aniq tashabbuslarni ilgari surdi. Bugungi kunga qadar 20 dan ortiq tashabbuslar roʻyobga chiqarildi, xususan:

– 2021-yil sentabr oyida Oʻzbekistonda Yosh tadbirkorlar forumi tashkil etildi va uning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi;

– transport va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish boʻyicha loyihalar amalga oshirildi: Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida “yePermit” pilot loyihasi sinovdan oʻtkazildi, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston oʻrtasida “raqamli TIR” va “yashil yoʻlak” pilot loyihalari ishga tushirildi;

– Oʻzbekistonning "Universal Logistics Service" (Toshkent), “Akhtachi” (Andijon) va “Termez Cargo Centre” (Surxondaryo) logistika markazlari TDTning “Birodar portlar” jarayoniga qoʻshildi;

– COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish yoʻlida hamkorlik boʻyicha takliflar amalga oshirildi, pandemiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus muvofiqlashtiruvchi guruh hamda TDT doirasida epidemiologik vaziyatni birgalikda monitoring, tahlil qilish va prognozlash boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatuvchi tizimi shakllantirildi;

– 2021-yil iyun oyida TDTga aʼzo davlatlar turizm vazirlarining 6-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Qoʻqon 2022-yilda “Turk dunyosining turistik poytaxti” deb eʼlon qilindi;

– “Tabarruk ziyorat” loyihasi ishga tushirilib, Turizm boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilindi;

- Qoʻqon shahrini “Turk dunyosining turistik poytaxti” maqomiga ilgari surish doirasida ushbu shaharda 2022-yil 8-10-iyun kunlari “Qoʻqon xonligining turkiy xalqlar davlatchiligi va madaniy merosini rivojlantirishdagi oʻrni” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi;

– 2022-yil iyul oyida Toshkent shahrida TDTga aʼzo davlatlar qishloq xoʻjaligi vazirlarining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi va aʼzo davlatlarning sohaga doir vazirliklari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda aʼzo davlatlar va kuzatuvchilar ishbilarmon doiralarning 300 dan ortiq vakillari ishtirokida Birinchi Turkiy Agroforum tashkil etildi;

– “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yili” doirasida 2022-yil iyun oyida Buxoro shahrida Yosh liderlarning IV forumi tashkil etildi. Forum davomida Buxoro “Turk dunyosining birinchi yoshlar poytaxti” deb eʼlon qilindi;

– Alisher Navoiy nomidagi “Turk dunyosi birligini taʼminlashga qoʻshgan hissasi uchun” xalqaro mukofoti taʼsis etildi;

– Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Xojib, Alisher Navoiy, Muso Al-Xorazmiy kabi allomalarning madaniy merosiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazdi;

– Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boʻyicha TDT tuzilmasi, Turkiy xalqlar merosini oʻrganish xalqaro markazi, IT-mutaxassislar platformasi, Injiniring-texnologiya markazi va Turkiy davlatlarning savdo hamkorligi boʻyicha tadqiqot markazi va boshqalarni yaratishga doir konsepsiyalar ishlab chiqilmoqda.

Bu va boshqa tashabbuslar TDT doirasida koʻp qirrali hamkorlikning yangi formatlarini yoʻlga qoʻyish, uning institutsional va amaliy salohiyatini mustahkamlash imkonini beradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110617 | Инструменты