Sirdaryo viloyati Guliston shahrida qiz egizaklarini bir xonali uyga almashtirayotgan ota-ona qo‘lga tushdi. Bu haqda “Bu kun” dasturida xabar berildi.
Aytilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda erkak moddiy jihatdan qiynalgani uchun egizaklarini bir xonali uyga almashtirmoqchi bo‘lganini aytgan. Ish hujjatlarida aniqlanishicha, mazkur fuqarolar bir-biri bilan o‘zaro tanishib, Guliston shahrida shaʼriy nikoh asosida yashab kelgan.
Ayol egizak farzandlarni dunyoga keltirgan. Shundan so‘ng ular egizaklarini uyga ayirboshlashga kelishgan. Tezkor tadbirda erkak uy hujjatlarini olayotgan paytda qo‘lga tushgan. Sudda erkak egizaklaridan tashqari qonuniy oilasidan to‘rt nafar farzandi borligini, ayolning esa avvalgi turmushidan ikki nafar farzandi borligini aytib, suddan yengillik so‘radi.
Ular Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan. Ayolga nisbatan qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 3 yil, erkakka nisbatan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122509 | Инструменты