Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida K. Dusovga (1984 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining sudyasi A. Mirzaxanov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqildi.
Sud hukmiga muvofiq K. Dusov 5 nafar jabrlanuvchiga (Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Navoiy viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi mutasaddi va masʼullari, Chirchiq shahri IIB Probatsiya bo‘limi katta inspektori) nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 237-moddasi (yolg‘on xabar berish) 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
K. Dusovga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalariga asosan 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining 2025 yil 24 fevraldagi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan o‘tash uchun uzil-kesil 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayilandi.
Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
K. Dusov tomonidan “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida yaratilgan “Kabul Dusov” nomli profil hamda “Telegram” mesenjerida yaratilgan “Kobul Dusov/RASMIY KANAL/” nomli kanal faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilandi.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari mavjudligi tushuntirildi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61700 | Инструменты